“TTJ”da sumalak sayli bo‘lib o‘tdi.

04.03.2019, 16:20 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2479

Dunyodagi barcha xalqlarning o‘zlariga xos va mos bo‘lgan urf-odatlari bor. Mazkur odatlar o‘sha xalqlarning dini, millati, ma’naviyati, ta’lim-tarbiyasi, axloq-odobi va odamiyligini ifoda etadi. Shuning uchun biror millatning urf-odatini o‘rganish jarayonida ularga har taraflama baho berish mumkin. Chunki, yuqorida aytib o‘tganimizdek, urf-odatlar har qanday xalqning asli kelib chiqishidan darak beradi.  Mana shunday urf-odatlarimizdan biri sumalak taomini tayyorlash jarayonidir. Har birimiz bahoriy taom bo‘lmish sumalakni sevib iste’mol qilamiz. Chunki u o‘z tarkibida bir qancha darmondorilarni, insonning jismiga quvvat baxsh etadigan xususiyatlarni mujassam etgan. Shu bois 2019 yilning 2 mart kuni Toshkent farmasevtika institutining  talabalar turar joyida ham “Sumalak” taomi tayyorlandi. Mazkur sumalak sayli institut tarbiyachi pedagogi, talabalar turar joyi mutassadisi va ishchi hodimlari, fakultet dekanlari, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining institut yetakchisi, yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hodimlari hamda TTJ talabalari tashabbusi bilan tashkil etildi. Saylda institut raxbariyati, professor-o‘qituvchilar, bo‘lim hodimlari va talabalar qatnashdilar. Biotexnologiya kafedrasi mudiri,dotsent Axror Maxmudov TTJ talabalari bilan “Sumalak va uning kelib chiqish tarixi” mavzusida davra suhbati tashkil etdi va talabalarga sumalak haqida ko‘plab foydali ma’lumotlar berib o‘tdi.TTJning “Sumalak sayli” da talabalar uchun dasturxonlar bezatildi va o‘zbek xalqining milliy va sevimlm taomi osh tortildi. Sayl ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi va talabalar xotirasida o‘chmas iz qoldirdi.

     

     

     

     

Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova