Institut ilmiy faoliyati

Institutning yuqori ilmiy salohiyatini e’tiborga olib, ilmiy izlanishlarni ta’lim yo‘nalishlariga to‘liq mos kelgan holda farmatsiyaning quyidagi asosiy yo‘nalishlariga qaratilmoqda:

  1. Mahalliy dorivor o‘simliklar va koordinatsion birikmalar asosida original dori vositalari yaratish va tibbiyot amaliyotiga tadbiq etish.
  2. Amaliyotga joriy etilgan generik dori vositalarini yangi takomillashgan texnologiyalarini ishlab chiqish.
  3. Farmatsevtik va toksikologik tahlil usullarini takomillashtirish.
  4. O‘zbekistonda qayd etilgan dori voitalari va tibbiy buyumlarning marketing va farmakoiqtisodiy tahlili.
  5. Fiziologik faol moddalar va biologik faol qo‘shimchalarning farmako-toksikologiyasini o‘rganish.

Institut olimlari olib borgan izlanishlar  natijalari asosida 2019 yilda e’lon qilingan ishlar soni 441 bo‘lib, shulardan 379 ta maqola va 528 ta tezislar, 8 ta monografiya, 42 ta uslubiy qo‘llanma chop etildi, 6 ta ihtironi qayd qilish uchun intellektual mulk agentligiga talabnoma topshirildi. Institut xodimlari tomonidan 12 ta patent olindi, 8 ta patentning amal qilish muddati davom etmoqda.

Instituda bajarilayotgan tadqiqot ishlarining innovatsion ishlanmalar bilan yakunlanishiga alohida ahamiyat beriladi. Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan e’lon qilinadigan innovatsion va amaliy loyihalar tanlovlarida institut xodimlari o‘z ilmiy loyihalari bilan muntazam ishtirok etib, bugungi kunda 3 ta amaliy va 3 ta innovatsion loyihalar ustida ishlar davom ettirilmoqda.

Institutda bajarilgan ilmiy ishlar natijasi 2008-2019 yillarda o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi”da namoyish etildi va 80 nomdagi preparatlar Davlat ma’lumotlar bankiga kiritildi. Institutda yaratilgan ilmiy ishlanmalarning amaliyotga tadbiqini yanada faollashtirish hamda Respublikamizga kirib kelayotgan dori preparatlarni standartlash maqsadida 2002 yilda “Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi” tashkil etildi. Tashkil etilgan vaqtdan boshlab 18 yil davomida ilmiy markaz xodimlari tomonidan institut ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tadbiq bo‘yicha katta amaliy va uslubiy yordam berib kelinmoqda. Ilmiy markazda xom ashyo va substansiyani standartlash ishlari amalga oshirildi hamda xom ashyo va substansiyaga VFM loyihalari ishlab chiqilishi keng yo‘lga qo‘yilgan.

Institutda har yili “Farmatsiyada ta’lim, fan va ishlab chiqarishning dolzarb muammolari” xalqaro ishtirokda respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilib kelinadi.

21.02.2020, 09:49 11930