Toshkent farmatsevtika instituti professor-o’qituvchilari “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

16.12.2019, 16:02 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2108

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi shifokori” Respublika ko‘rik-tanlovida 39 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Tadbirni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kirish so’zi bilan ochib berdi.
Joriy yilning o‘zida Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan hamda Tibbiyot xodimlari kuni arafasida jami 95 nafar tibbiyot xodimlarining davlatimizning yuksak unvon va mukofotlariga sazovor bo‘lgani soha xodimlarining sharafli va mas’uliyatli mehnati davlatimiz va xalqimiz tomonidan nechog‘lik yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol isbotidir. Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tayotgan «Yilning eng yaxshi shifokori» tanlovi ham tibbiyot xodimlarining mehnatini qadrlash, ularni munosib rag‘batlantirish, tizimda orttirilgan ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Tanlov bu gal har yilgidan ko‘ra ham yuqori saviyada va keng miqyosda o‘tkazildi. Joriy yil birinchi marotaba 39 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Joriy yilda tanlovda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda ilk bor tibbiyot ilm fani rivojiga munosib ulush qo‘shayotgan olimlar, tadqiqotchilar hamda farmasevtika sohasi vakillari ham ishtirok etdi. Ya’ni, «Yilning eng yaxshi professori», «Yilning eng yaxshi izlanuvchi-tadqiqotchisi», «Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi», «Yilning eng yaxshi dotsenti», «Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi» nominatsiyalarida tibbiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha samarali izlanish olib borayotgan, tibbiy ta’limda yaxshi natijalarga erishayotgan olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar rag‘batlantirildi. Jumladan Toshkent farmatsevtika institutidan «Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi» nominatsiyasi bo’yicha 1-o’rin sohibi farmokologiya va klinik farmatsiya kafedrasi o’qituvchisi Sultanova Ra’no Xakimovna, «Yilning eng yaxshi izlanuvchi tadqiqotchisi» nominatsiyasi bo’yicha 2-o‘rinni Toshkent farmatsevtika instituti Dori vositalari sanoat-texnologiyasi kafedrasi dotsenti v/b Sharipova Saodat Tursunbaevnalar qo’lga kiritdilar. Tadbirda tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni, diplom, statuetka, esdalik sovg‘alar va pul mukofoti bilan taqdirlandi. Toshkent farmatsevtika instituti qatnashchilaridan 1-o‘rin sohibasi Sultanova Ra’no Xakimovna O‘zbekiston Respublikasi “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

     

     

Institut matbuot kotibi N.L.Usmanova