Innovatsion rivojlanish vazirligida Axborot resurslari boʻyicha xalqaro forum boʻlib oʻtdi

22.05.2019, 16:11 Yangiliklar 2968

Joriy yilning 14 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida “Axborot resurslari jahon ilm-faniga integratsiya vositasi sifatida” mavzusida xalqaro forum oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda Toshkent farmatsevtika instituti Axborot-resurs markazi Xizmat ko`rsatish bo`limi mudiri B. Sotvoldiyeva ishtirok etdi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy va innovatsion imkoniyatlarini mustahkamlash va rivojlantirish, butun dunyoda oʻtkazilayotgan ilgʻor tadqiqotlar haqida dolzarb axborot bilan taʼminlagan holda mamlakatda oʻtkazilayotgan ilmiy tadqiqotlarning sifati va natijaviyligini oshirish boʻyicha dolzarb masalalarni muhokama qilishdir.

 Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarovning taʼkidlashicha, oliy taʼlim va ilm-fanning kuchli va raqobatbardosh tizimini yaratish Oʻzbekiston uchun ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib kelgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning mamlakat iqtisodiy imkoniyatlarini rivojlantirish va mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ilm-fan rolini kuchaytirish boʻyicha qarorlari ilgʻor innovatsion ishlanmalar va yuqori texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash orqali ilmiy va amaliy tadqiqotlarning davlat raqobatbardoshliligini mustahkamlashdagi muhim roli haqida dalolat beradi.

 Shu oʻrinda Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy tadqiqotlar, yuqori texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarning imkoniyatlarini maksimal darajada yuqori sifatli boʻlishiga alohida eʼtibor qaratib, ularnirng natijalarini iqtisodiyotga joriy etilishida muhim rol oʻynaydi.

 Jahon tajribasining koʻrsatishicha, ilmiy maʼlumotlar va tadqiqot natijalaridan foydalanish imkoniyati ilm-fanga davlat investitsiyalari oqimini koʻpaytiradi, mamlakatda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar sifati va natijaviyligini oshiradi, olimlarning butun dunyoda olib borilayotgan ilgʻor tadqiqotlar haqidagi dolzarb axborot olishiga koʻmak beradi va natijada mamlakatda ilm-fan maqomini maʼlum pogʻonaga koʻtariladi.

Spikerlar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xalqaro maslahatchisi Yerbol Suleymenov, Rossiya va MDH mamlakatlarida Clarivate Analytics kompaniyasining boshqaruvchi direktori Oleg Utkin, Springer Nature kompaniyasining mintaqaviy direktori Mr. Sahin Giray, Clarivate Analytics kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi rasmiy vakili Lyaziza Mukasheva, Springer Nature kompaniyasining Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻizston, Tojikiston va Turkmanistondagi rasmiy vakili Irina Aleksandrova maʼruzalar bilan chiqishdi.

Ular olimlarning davlat raqobatbardoshliligi va mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi oʻrni, mamlakatda ilm-fan maqomi, ilmiy va amaliy tadqiqotlar sifati va natijaviyligini oshirish, Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini mustahkamlash; davlat investitsiyalarining ilm-fandagi samaradorligini koʻpaytirish, oʻzbekistonlik mualliflarining ilmiy tadqiqotlarining sifati va natijaviyligini oshirish boʻyicha qoʻshma rejalarni ishlab chiqish kabi mavzularda maʼruzalar oʻqishdi.

Forum yakunlariga koʻra Innovatsion rivojlanish vazirligi va Clarivate Analytics kompaniyasi, hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Springer Nature kompaniyasi oʻrtasida Memorandumlar imzolandi.

     

     

 

ARM mudiri