Toshkent farmatsevtika institutida “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Men diniy  ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzularida o‘tkaziladigan ijodiy maqolalar tanlovi. Nizomi

26.04.2018, 16:28 E'lonlar 2934

I.Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Madjidov hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboyev tomonidan 2017-yil 28-dekabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 2018 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”ning 21-bandida belgilangan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 18-apreldagi 350-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.

1.2. “Jaholatga qarshi ma’rifat” hamda “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzularidagi tanlovga  institutda tahsil olayotgan talabalar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ishtirok etadi.

1.3.Tanlov “Eng yaxshi maqola” yo‘nalishida o‘tkaziladi.

1.4.Tanlovning institut bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayoni institutning “Ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

II.Tanlovning maqsadi va vazifalari

2.1.Tanlovning asosiy maqsadi – yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ularni turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, institutda yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

2.2.Tanlovning vazifalari quyidagilardan iborat:

– yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ularni turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish;

– institutda talaba-yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish;

– yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil  va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni har tomonlama rivojlantirish;

– yoshlarda yot ta’sirlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish;

– chora-tadbirlar dasturining mazmun-mohiyati targ‘iboti ta’sirchanligini oshirish;

– yosh avlodni har tomonlama etuk, yuksak ma’naviyatli, intellektual salohiyatli, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli insonlar qilib tarbiyalash;

– “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” hamda “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzularidagi talabalarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka etkazish.

III.Tanlovni o‘tkazish bosqichi va muddatlari

3.1. “Jaholatga qarshi ma’rifat” hamda “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzularidagi tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich – institutning fakultetlari akademik guruhlari talabalari o‘rtasida joriy yil aprel oyining oxirgi o‘n kunligida o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqich – institut miqyosida fakultetlararo g‘oliblar o‘rtasida joriy yil may oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.

Uchinchi bosqich (yakuniy) – respublika  oliy ta’lim muassasalari g‘oliblari o‘rtasida joriy yil iyun oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.

IV.Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

4.1.Tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichini  o‘tkazish bo‘yicha institut rektori buyrug‘i bilan Ishchi guruhi va soha professor-o‘qituvchilari, olimlari, mutaxassislari, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda Hakamlar hay’ati tuziladi.

4.2.Talabalar tomonidan yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlangan ijodiy ishlar fakultetlar va institut kesimida  tuzilgan Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov shartlari va mezonlari asosida baholanadi.

4.3.Tanlovning uchinchi bosqichini tashkil etish va o‘tkazish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshida tashkil etilgan vazirlik Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Tanlovning yakuniy bosqichi g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha Hakamlar hay’ati tuziladi. Hay’at tarkibiga soha bo‘yicha etuk mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar jalb etiladi.

V.Tanlov shartlari va baholash mezonlari

5.1.Tanlovga taqdim etiladigan insholar quyidagi mezonlarda baholanadi:

– mavzuning mazmun-mohiyati to‘laqonli ochib berilganligi;

– ijodiy ishlarning stilistik va grammatik jihatdan to‘g‘ri yozilganligi;

– mavzuni yoritishda adabiyotlardan foydalanilganlik darajasi va tahliliy yondashuvlar, mustaqil fikrlarning aniq bildirilganligi;

– mavzuni yoritishda o‘ziga xos ijodkorlik xususiyatlari ifoda etilganligi;

– mavzuni yoritishda hayotiy misollardan keng foydalanilganligi;

– mavzuga oid dolzarb masalalar, ularning yechimlari to‘g‘risida takliflar keltirilganligi.

5.2. Har bir mezon 10 ballik tizim asosida baholanadi (jami 60 ball) hamda maqolalar talabalar tomonidan yozma shaklda bayon etiladi.

VI.Hujjatlarni taqdim etish tartibi

6.1. Institutda 1- va 2-o‘rinni egallab, g‘oliblikka sazovor bo‘lgan talabalarning hujjatlari (Institut Tashkiliy qo‘mitasi bayonnomasi va qarori, g‘olib bo‘lgan talabaning ijodiy materiallari va 10×15 hajmdagi 1 dona fotosurati) Respublika Tashkiliy qo‘mitasiga 2018-yil 25-mayga qadar 2 nusxa yozma, 1 nusxa elektron variantda (tel.: 246-28-63, e-mail: mm.markaz@edu.uz)ga taqdim etiladi. Maqolalar elektron pochta orqali qabul qilinmaydi.

6.2. Tanlovga taqdim etiladigan maqolalar (o‘zbek yoki rus tilida) kompyuter “Word”dasturida, “Times New Roman” shriftida – 1 intervalda, chapdan 30 mm., o‘ngdan 15 mm., yuqori va pastdan 20 mm. joy qoldirilgan holda yozilgan bo‘lishi hamda matnlar ilmiy, texnik, stilistik tahrir qilingan bo‘lishi shart. Yozma materiallarning 1-nusxasida talabalarning o‘qish joyi, fakulteti, kursi va ta’lim yo‘nalishi to‘liq ko‘rsatiladi, 2-nusxasida o‘qish joyi, fakulteti, kursi va ta’lim yo‘nalishi ko‘rsatilmaydi.

VII. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash

7.1. Tanlovning ikkinchi (institut) bosqichida yuqori o‘rinni (1-, 2-, 3-) egallagan talabalar qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.

7.2. Tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi bosqichda (oliy ta’lim muassasalalari o‘rtasida o‘tkaziladigan yakuniy bosqichda) yuqori o‘rinni (1-, 2-, 3-) egallagan talabalar quyidagi miqdorda “Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantiriladi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining fahriy yorlig‘i bilan taqdirlanadi:

  1. “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzusidagi ijodiy ishlar:

      1-o‘rin  –  1.500.000 (bir million besh yuz ming) so‘m;

      2-o‘rin  –  1.200.000 (bir million ikki yuz ming) so‘m;

      3-o‘rin  –  1.000.000 (bir million) so‘m.

  1. “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi ijodiy ishlar:

      1-o‘rin  –  1.500.000 (bir million besh yuz ming) so‘m;

      2-o‘rin  –  1.200.000 (bir million ikki yuz ming) so‘m;

      3-o‘rin  –  1.000.000 (bir million) so‘m.

Shuningdek, talabalarning eng sara ijodiy ishlari Respublika gazeta va jurnallarida yoritiladi hamda alohida to‘plam shaklda nashr etiladi.