Sanoat farmatsiyasi fakulteti

Mamatqulov Zuxridin Urmonovich

Ilmiy darajasi va unvoni:

farmatsevtika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)

Lavozimi:

Fakultet dekani

Qabul vaqti:

Har kuni (14:00-18:00)

Tel.:

(0371) 256-49-51

Veb-sayt:

Sanoat farmatsiya fakulteti dekani o’rinbosarlari:

Rajapov Alisher Jumaboyevich

Lavozimi: Dekani o‘rinbosari

Tug‘ilgan yili:

Qabul vaqti: xar kuni 14 00 -1700

Telefon raqami: (71) 256-51-49

E-mail:

 

Pardayeva Maftuna Ilxomovna

Lavozimi:yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari

Tug‘ilgan yili: 05.09.1992

Qabul vaqti: 1400 -1800

Telefon raqami:(90) 955 68 98

E-mail: maftuna.pardayeva@icloud.com

Toshkent farmatsevtika instituti “Sanoat farmatsiyasi” fakultetini mustaqilligimiz mevasi deyishimiz mumkin. Chunki, mustaqillik farmatsevtika sohasining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi uchun, sohada yangi yo‘nalishlarni tashkil etish zaruriyatini yuzaga keltirdi. Aslida, mustaqilligimizning birinchi yillarida dorivor o‘simliklarning xalq tabobati va farmatsevtika sanoatidagi ahamiyatini inobatga olib, 1992-yilda Toshkent farmatsevtika institutining farmatsiya fakulteti tarkibida “Agrobiotexnologiya” mutaxassisliklari tashkil qilingan va 1994-yil 1-sentabrida alohida “Agrobiotexnologiya” fakulteti sifatida ajralib chiqqan edi. Fakultet biotexnologiya va agronomiya yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlar edi. Keyinchalik, respublikamizda Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining qabul qilinishi, ta’lim sohasida, jumladan, farmatsevt kadrlar tayyorlash tizimini tubdan o‘zgarish va takomillashtirishni taqozo etdi. Bu esa, o‘z navbatida, institutda bir qator yangi ta’lim yo‘nalishlarini va magistratura mutaxassisliklarini tashkil qilinishiga asos bo‘ldi. Xususan, 2003–2004 o‘quv yilidan “Sanoat farmatsiyasi” – yo‘nalishining “Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori”ga kiritilishi hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2003-yil 17-sentabr 100-sonli institut buyrug‘i asosida “Agrobiotexnologiya” fakulteti nomi “Sanoat farmatsiyasi” fakulteti deb o‘zgartirildi.

Fakultetga quyidagi professor – o‘qituvchilar rahbarlik qilganlar:

  1. A.Abzalov (1994 – 1996 y.) – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, dotsent
  2. E.Ergashev (1996 – 1998 y.) – professor.
  3. S.Nabiyev (1998 – 1999 y.) – professor.
  4. I.Inog‘omov (1999 – 2001 y.) – dotsent.
  5. N.Osmanov (2001 – 2005 y.) – dotsent.
  6. A.A.Nurmuxamedov (2005–2015 y.) – dotsent.
  7. X.Sh.Ilxomov (2015–2019 y.) – dotsent.

2019-yil mart oyidan boshlab fakultetga farmatsevtika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) Z.U.Mamatqulov rahbarlik qilmoqda. Fakultet dekaninig muovinlari sifatida A.J.Rajabov,  A.X.Tugalov va M.I.Pardayevalar samarali faoliyat olib borishmoqda.

Sanoat farmatsiyasi fakulteti tarkibida “Sanoat farmatsiyasi”, “Biotexnologiya” va 2015-2016 o‘quv yilidan boshlab yangi “Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi. Ushbu ta’lim yo‘nalishlarini bitiruvchilari dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda faoliyat ko‘rsatishlari belgilangan. Ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy muammolarni yuqori saviyada hal eta oladigan, malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash respublikamizdagi Sanoat farmatsiyasi fakulteti oldida turgan ustuvor vazifa hisoblanadi.

Respublika Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining oxirgi yillardagi qator qarorlari, qonunlari va buyruqlarida, Respublikamizda dori vositalarining ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish masalalari qo‘yilmoqda. Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan konsepsiyada mahalliy dori vositalarining raqobatbardoshligini oshirish va eksport qilishga yo‘naltirilgan dori vositalarining ishlab chiqarish hajmini ilmiy-texnika yutuqlari va xalq xo‘jaligi bilan integratsiyasi asosida ko‘paytirish va sog‘liqni saqlash sohasini 50% gacha mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash, buning uchun esa respublikamiz har bir viloyatlarida dorivor o‘simliklarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, farmatsevtika sohasini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash choralari belgilangan.

Sanoat farmatsiyasi fakulteti sanoat farmatsiyasi va biotexnologiya yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar tayyor dori vositalari va fitopreparatlar texnologiyasi ixtisosligi bo‘yicha texnolog, muhandis-texnolog kvalifikatsiyasini oladilar. Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari esa, dori ishlab chiqarish korxonalardagi asbob-anjomlar metrologiyasi va standartizatsiyasini nazorat qilib, dori vositari sifatiga javob berishadi.

Hozirgi vaqtda professor-o‘qituvchilar tomonidan fakultetda 1082 nafar talabaga ta’lim berib kelinmoqda. Talabalar 2-3 kurslarda qator umumkasbiy fanlar, jumladan muhandislik grafikasi va amaliy mexanika fani asosida materiallar qarshiligi, mashina va mexanizmlar nazariyasi hamda mashina detallari, umumiy kimyoviy texnologiya, kimyo texnologiyasi asosiy jarayonlari va uskunalari kabi muxandislik fanlari o‘qiganidan so‘ng yuqori kurslarda maxsus fanlar: ishlab chiqarishni loyhalash, jihozlash, sanoat iqtisodi, molekular biotexnologiya, biofaol moddalar texnologiyasi, dori vositalarini standartlashtirish va sifat menejmenti kabi zarur bo‘lgan mutaxassislik fanlari o‘qitiladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 2018-2019 o‘qv yilidan boshlab fakultet negizida yangi “Dori vositalarini standartlashtirish va sifat menejmenti” mutaxassislik kafedrasi tashkil qilindi. To‘liq kursni tamomlagan talabalar dori sanoati uchun texnolog, muhandis-texnolog, dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonini, texnologik jarayonlarni standartlovchi va mahsulot sifatini boshqaruvchi mutaxassislar bo‘lib yetishadilar. Bundan tashqari, bitiruvchilar o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlarida ishlashlari mumkin. Shu bilan birga ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlangan bakalavrlar, immunobiologik va mikrobiologik preparatlar texnologiyasi va dorilarning sanoat texnologiyasi magistratura mutaxassisliklarida o‘qishlarini davom ettirishlari mumkin.

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Sanoat farmatsiyasi fakulteti tarkibida 8 ta kafedralar tashkil etildi. Ular quyidagicha:

  1. Dori vositalari sanoat texnologiyasi kafedrasi, kafedra mudiri prof. Xaydarov Vosil Rasulovich.
  2. Biotexnologiya kafedrasi, kafedra mudiri dotsent Yusupova Nasiba Farxadovna.
  3. “Dori vositalarini standartlashtirish va sifat menejmenti” kafedrasi, kafedra mudiri dotsent Jalilov Fazliddin Sodiqovich.
  4. “Tibbiy va biologik fanlar” kafedrasi, kafedra mudiri dotsent Nuraliyeva Xafiza Otayevna.
  5. “Organik va biologik kimyo” kafedrasi, kafedra mudiri prof. Karimov Aminjon.
  6. Ijtimoiy fanlar, kafedra mudiri dotsent Ismailov Kamolatdin Kurultayevich.
  7. Fizika, matematika va AT kafedrasi, kafedra mudiri dotsent Shadmanov Kamolitdin Kazakbayevich.
  8. Tillar kafedrasi, kafedra mudiri dotsent Tuychiyeva Saodat Melikuziyevna.

Mazkur kafedralarda jami 10 dan ortiq fan doktorlari va professorlar, 60 dan ortiq fan nomzodlari va dotsentlar, 80 dan ortiq katta o‘qituvchi va assistentlar talabalarga bilim bermoqdalar. Fakultetga tegishli kafedralar professor-o‘qituvchilaridan prof. V.R.Xaydarov, F.Jalilovlar mos ravishda 2015-2016 va 2016-2017 o‘quv yillarida Oliy ta’lim muassasalari Respublika pedagoglari ko‘rik-tanlovlarida sovirinli o‘rinlarni olishgan.

Institut rahbariyati tomonidan fakultetda o‘quv jarayoni va o‘quv uslubiy ta’minotni modernizatsiya qilish borasida e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, fakultetda mavjud barcha ma’ruza xonalari statsionar proektorlar bilan jihozlangan, bu esa o‘z navbatida ma’ruzalarni axborot texnologiyalari qo‘llangan holda (taqdimot, virtual laboratoriya, animatsiya va boshqalar) o‘qishni ta’minlaydi. Fakultetda o‘quv ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, nafaqat ma’ruza, balki amaliy mashg‘ulotlar ham zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar – video qurilmalar, kompyuterlar va turli ko‘rgazmali qurollarni qo‘llash orqali olib boriladi. Oxirgi yillarda fakultetga tegishli fizika, biotexnologiya laborotoriyalari yangi asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Fakultetga qarashli kafedralardagi barcha ta’lim yunalishlarining o‘quv rejasidagi fanlar bo’yicha o‘quv-uslubiy majmualar yaratilgan va institut axborot resurs markaziga joylashtirilgan. Barcha fanlar darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlangan, bu darslik va o‘quv qo‘llanmalar kafedralar professor-o‘qituvchilar tomonidan ilg‘or horij adabiyotlari asosida yaratilayotgan yangi avlod o‘quv adabiyotlari bilan boyitilmoqda.

Fakultetning barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan kafedralari, respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari, yetakchi ilmiy-tekshirish institutlari, dori vositalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan innovatsion-korporativ hamkorlik dasturi asosida, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini hisobga olgan holda o‘quv mashg‘ulotlari va amaliyotni o‘tkazib kelmoqdalar va o‘quv ishlari bilan birga ilmiy tadqiqot ishlari ham olib boriladi.

Bundan tashqari mutaxassislik kafedralari chet ellardagi turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishmoqda. Bunga misol qilib “Biotexnologiya” kafedrasi dotsenti F.To‘xtaevni 2016-yili 6 oyga Koreya Respublikasi “Changwon national universiti” universitetida malaka oshirganini, M.G.Ismailova va F.X.To‘xtaevlar 2018 yil iyun-avgust oylarida Xitoy Xalq Respublikasida malaka oshirib kelganliklarini, qolaversa, Dorilarning sanoat texnologiyasi magistratura mutaxassisligini a’lo baholarga bitirib, Dori vositalari sanoat texnologiyasi kafedrasi xodimi bo‘lgan M.Shamsuddinovani 2 yilga ilmiy ishini tugatish uchun yuqorida nomi keltirilgan universitetga hamkorlik asosida ketganini ko‘rsatish mumkin.

Bundan tashqari, talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga yetuk professor-o‘qituvchilar rahbarlik qiladilar. Ular talabalarni mustaqil ravishda ilmiy izlanishlar olib borishga, ilmiy adabiyotlar bilan ishlashga va zamonaviy ma’lumotlardan foydalanishga o‘rgatadilar. Iqtidorli talabalar ilmiy anjumanlarda ishtirok etishlari bilan birga o‘zlari bajargan ilmiy tadqiqot ishlarini “Farmatsevtika jurnali”da chop etish imkoniyatiga egalar va ilmiy ishlarini magistraturaga kirib davom ettirishmoqda. Shuni ta’kidlash mumkinki, Sanoat farmatsiyasi fakultetini bitirgan bir qancha talabalar chet ellardagi turdosh oliy o‘quv yurtlari magistraturalariga kirib o‘qishlarini davom ettirishgan. Masalan, fakultetimizning avvalgi o‘quv yillarida bitirgan iqtidlorli talabalardan R.Movlyanova, I.Shukurov, A.Abdunasimov, S.Qaxxorovlar Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Koreyadagi turdosh oliy o‘quv yurtlari magistraturasiga tanlov asosida o‘qishga kirib, ilmiy faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

Fakultet kafedralari talabalarga bilim berish saviyasini oshirish maqsadida nafaqat tanishuv va o‘quv amaliyotlarini, balki ba’zi dars jarayonlar ham olib borish maqsadida “Dentafill”, “Remedy group”, “Remedy” MChJXK, “Nika Farm” OAJ, “Ziyonurfarm” QK, Mikrobiologiya instituti, Botanika bog‘i, O‘zFA qoshidagi “Genomika va bioinformatika markazi”, O‘zstandart agentligi qoshidagi Metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘limi hamda boshqa ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy tekshirish institutlari bilan shartnomalar tuzilgan holda amaliyotlar va darslar olib borishmoqda.

Qisqa qilib aytganda, farmatsevtika sanoati talablariga muvofiq Toshkent farmatsevtika instituti va uning qoshidagi Sanoat farmatsiyasi fakulteti kadrlarni tayyorlash borasida maqsadli siyosatni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

     

Talim yo’nalishlari va mutaxassisliklarning malaka talablari

Sanoat farmatsiyasi yo‘nalishi malaka talablari

Metrologiya yo‘nalishi malaka talablari

Biotexnologiya yo‘nalishi malaka talablari

Oliy ta’lim muassasasi professor o‘qituvchilarining o‘quv yuklamasi hajmini hisoblashning vaqt me’yorlari

15.07.2020, 13:37   12613