Poytaxtimizda “Xalqaro velosiped kuni”ga bag‘ishlab velomarafon o‘tkazildi

04.06.2019, 15:31 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2189

3-iyun “Xalqaro velosiped kuni” kuni munosabati bilan poytaxtimizda velosport bo‘yicha marafon o‘tkazildi. “Humo arena” sport majmuasining yonidan start olgan velomarafon poytaxtimizning “Beshyog‘och”, “Furqat”, “Islom Karimov”, “Sharof Rashidov” va “Afrosiyob” ko‘chalari bo‘ylab jami 5 kilometr masofada tashkil qilindi. Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, avvalo, aholi o‘rtasida sportning ushbu turini yanada ommalashtirish, shahrimiz aholisining dam olish kunini mazmunli o‘tkazishga xissa qo‘shish va ularni jismoniy harakatga jalb qilishdan iboratdir. Ushbu velomarafonda 300 dan ortiq havaskorlar ishtirok etdi.

Velomarafon start olishidan avval so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboeva ushbu sport turining yurtimizdagi rivoji xususida to‘xtalib o‘tdi. “Bugun bizning sportimiz uchun bayram. Barchamiz “Xalqaro velosiped kuni”ni O‘zbekistonda nishonlash uchun jam bo‘ldik. Yurtimizda ushbu sportga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Joriy yilning aprel oyida Toshkent velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Mazkur musobaqada qatnashgan terma jamoamiz vakillari ko‘plab medallarni qo‘lga kiritishdi. Barchangizga sog‘lik-salomatlik tilagan holda marafon ishtirokchilariga omad tilayman”, – dedi Tanzila Norboeva. Musobaqa yakunida velosport kunida va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda qo‘shgan xissasi uchun barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi. Tadbirda institutimiz Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Barno Boltaeva, qo‘mita a’zolari hamda talaba-qizlarning ishtiroki ta’minlandi.

     

     

     

Хотин-қизлар қўмитаси раиси

                            Б.Х.Болтаева