Toshkent farmatsevtika institutida o’zini o’zini moliyalashtirish tizimi joriy etilishi xususida
Oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, ularga budjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilishda ko‘proq imkoniyatlar yaratish, oliy ta’limdagi islohotlar samaradorligini va ta’lim sifatini yanada oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni ijrosi bo‘yicha Toshkent farmatsevtika instituti o‘z o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tmoqda. Bu tizimga o‘tish me’zonlari sifatida institutning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnika bazasi yetarli darajadaligi, ta’lim xizmatlari bozorida farmatsevtika bakalavriyat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligini inobatga olingan.
Bu tizim bizga nima beradi?
- Institut xarajatlarini o‘zi qoplashi, mablag‘larni taqsimlashda mustaqil bo‘lishiga, ya’ni xodimlarni moddiy jihatdan rag‘batlantira oladi va bu o‘z navbatida ta’lim sifatini oshirishga yordam beradi. Ammo ta’lim sifatini o‘qituvchilar oylik maoshini oshirish bilangina yaxshilash judayam qiyin masala. Hozirgi kunda xalqaro standartlarga javob berish uchun ingliz tilini professor o‘qituvchilar mukammal bilishlari kerak, chunki ilg’or texnologiyalar, ta’lim tizimi resurslari ingliz tilida nashr qilinmoqda. Shuning uchun mablag’larning bir qismini xorijiy malaka oshirish, stajirovkalar, magistratura, doktoranturalarda tahsil olishlari uchun yo‘naltirish imkoniyati bo‘ladi. Ikkinchi tomondan mablag‘larni mustaqil ravishda taqsimlash, o‘qituvchilar ish haqini oshirish huquqiga ega bo‘lish, ularning pora olishiga bo‘lgan intilishi ancha kamayadi. Institutga moliyaviy mustaqillik berish, turdosh ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobatni keltirib chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida ta’lim sifati yaxshilanishi, yangi yo‘nalishlar ochilishi, tadqiqotlarni rivojlantirish kabi ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi.
- Korxonalar bilan hamkorlik qilish, xalqaro hamkorlikka intilish oshishi, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasi o‘sib borishiga imkoniyat yaratadi;
- Ish beruvchilarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashni ko‘paytirish, samarasiz, keraksiz, ish joylari yuk yo’nalishlarni mustaqil ravishda berkitish yoki ularni kvo’talarini keskin kamaytirish;
- Talabalarning shartnoma puli, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida ustama haqlar va boshqa moddiy rag‘batlantirish turlari miqdorini mustaqil ravishda belgilash;
- Iqtidorli, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
- Institut moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa ob’ektlar), shu jumladan kitoblar, jurnallar, o‘quv adabiyotlari xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash;
- Institut infratuzilmasiga servis xizmatlari ko‘rsatishning alohida turlari, jumladan bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport ob’ektlaridan foydalanish, ularni tozalash, ta’mirlash, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlar ko‘rsatishni autsorsing shartlarida tashkil etish;
- Tegishli sohadagi dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
- Respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga yuborish;
- Professor-o‘qituvchilar o‘rtasida (1 yillik) muddatli shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish. Bunda har bir pedagog o‘z ustida tinmay ishlashga majbur bo‘ladi.
Moliyalashtirish tizimida institut vasiylik kengashi yuqorida aytib o‘tilgan barcha ishlarda boshqaruv va nazorat vakolatlariga ega bo‘ladi.
Institut daromadlarining manbalari – to‘lov-shartnoma asosida o‘qitish; pullik kurslar; tadbirkorlik; ijara; xizmat ko‘rsatish; homiylik kabi shakllardan iborat. Bunda e’tiborni ekstensiv (binolarni ijaraga berish, ta’lim xizmatlari uchun to‘lov) va intensiv (innovatsion faoliyatdan, intellektual mulk xuquqlarini sotishdan, xalqaro loyihalar, mamlakatimizning grant tanlovlarida ishtirok etishini kengaytirish orqali daromadlarni oshirish) omillarga qaratilgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, institut moddiy texnik bazasini takomillashtirish, o‘zini o‘zi boshqaruv tizimida qo‘shimcha mablag’lar topishda kontrakt to‘lovlarining ortishi xisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.
Institutimizda qo‘shimcha daromad olish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:
– hududda joylashgan va jixozlanayotgan o‘quv-ilmiy ishlab chiqarish kompleksida mahalliy xom-ashyodan tayyorlangan, sifatli va arzon dori vositalari, hamda parakosmetik vositalarini ishlab chiqarish orqali daromad olish;
– Rekonstruksiya qilinayotgan o‘quv-ilmiy-eksperimental laboratoriyada ishlab chiqaruvchilar talablariga binoan tahlillar o‘tkazish, xalkaro loyihalar, mamlakatimizning grant tanlovlarida ishtirok etishni kengaytirish orqali daromadlarni oshirish.
– Institut xududida joylashgan, xalqaro talablarga javob beruvchi dorixona moduli orqali ekstemporal, galen preparatlarini ishlab chiqish, institutda yaratilayotgan dori vositalarini sotish orqali daromad olish.
Xulosa qilib aytganda, institutimiz xodimlari o‘zini o‘zi boshqarish tizimiga o‘tishga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdalar va bu jarayonda barchamiz faol ishtirok etamiz. Yana shuni xalqimiz uchun ta’kidlab aytamizki, institut qo‘shimcha mablag’larini topish uchun kontrakt to‘lovlarini oshirish asosiy maqsad qilib qo‘yilmagan.
Biz oliy ta’lim tizimini har qanday mafkuradan holi qilishimiz, uni pragmatik, talabalar va xalqimiz uchun kerakli va foydali tizimga aylantirishimiz uchun muhtaram Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan to‘qonli foydalanishda bor kuch-g’ayratimizni, bilim va tajribalarimizni ayamasdan xizmat qilamiz.
Toshkent farmatsevtika instituti rektori,
professor Ibroxim Alimdjanov