O’zbekistonda ilk marotaba tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Xalqaro yozgi maktab” loyihasi yuqori saviyada o’tkazildi.

29.06.2019, 13:47 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2915

O’zbekistonda ilk marotaba tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Xalqaro yozgi maktab” loyihasi yuqori saviyada o’tkazildi. Andijon davlat tibbiyot instituti  tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yozgi maktabda respublikamizdagi tibbiyot oliy talim muassasalari talabalari bilan bir qatorda Rossiya, Belarussiya, Qozog’iston, Qirg’iziston respublikalari tibbiyot oily ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Maktabning asosiy maqsadi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlar faolligini yanada oshirish, tibbiy madaniyatini shakllantirish, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirish, o’zaro hamkorlik muhitini yaratish, fikr almashishdan iborat. Institut professor-o’qituvchilari  tomonidan  bemorlarga  birinchi tibbiy tez yordam ko’rsatish, sog’lom turmush tarzi asoslari, Ibn Sino ta’limoti va tibbiyot rivojidagi o’ziga hos o’rni va yoshlarni zararli illatlardan asrash masalalariga bag’ishlangan ma’ruzalar, master-klasslar darslari, davra suhbatlari tashkil etildi.

Yozgi maktab davomida Andijon viloyatining so’lim go’shalaridan bo’lgan “Xonobod ” va “Bog’ishamol” dam olish sihatgohlarining o’ziga xos iqlimi, manzarali daraxtlari va mehribon, mehmondo’st Andijon xalqi mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Qolaversa, har bir davlat talabalari tomonidan tayyorlangan “Milliy taomlar” festivali ozgacha ruhda o’tdi.

Ushbu tadbirlarda yoshlar ingliz tilida erkin muloqot olib bordilar. Ushbu maktabda Toshkent farmatsevtika institutining 2 nafar iqtidorli talabalari  4-kurs farmatsiya yo’nalishi talabasi Narzikulova Kamola va 2 kurs talabasi Mansurov Azamat ishtirok etdilar.

Olingan bilimlarni baholash maqsadida talabalar imtixondan o’tkazildilar va Toshkent farmatsevtika instituti talabalari unda yuqori natijalarni qayd etdilar.

Yozgi maktabda faol ishtirok etgan va sovrinli o’rinlarni qo’lga kiritgan talabalar ADTI rektori professor, M.M.Madazimov tomonidan diplom, sertifikat va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.