Giyohvandlik umr zavoli

03.06.2019, 15:30 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2400

Toshkent farmatsevtika instituti Fizika, matematika va axborot texnologiyalari kafedrasi tomonidan talabalar turar joyida “Kafedra kuni” doirasida “Giyohvandlik umr zavoli” mavzusida suhbat olib borildi. Uchrashuv davomida talabalarga giyohvandlikning kelib chiqish sabablari hamda ushbu illat inson hayotini qanday darajaga olib kelishi hususida ta’kidlandi/

Jumladan, hozirgi vaqtda giyohvandlik balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, uning aziz va mukarramligiga putur yetkazayotgan illatlardan biridir. Hozirda giyohvandlik insonga har tomonlama zarar berishini g‘arb va sharq tibbiyot mutaxassislari bir ovozdan tasdiqlashmoqda. Bu moddalarni iste’mol qiluvchilar o‘nlab tuzalmas kasalliklarga uchrashi, hayotdan erta ko’z  yumishi, ulardan majruh, aqli noqis farzandlar tug‘ilishi isbotlangan. Bu esa insonning o‘z joniga qasd qilishi bilan barobardir. Giyohvandlik va uni iste’mol qilayotgan kishilar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olish maqsadida BMT huzurida giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi xalqaro hay’at tashkil etilgan. Mazkur hay’at tomonidan har yili e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga qaraganda jahonda giyohvandlik va unga bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Shuning uchun ham giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlarni davolash borasida yagona dastur ishlab chiqildi va hayotga tadbiq etilmoqda.

Davlatimizning oqilona siyosati fuqarolar jamiyatining har tomonlama komil, sog‘lom, oliyjanob fazilatlari, yuksak tafakkuri va ma’naviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat bo‘lishiga qaratilgan. Mana shu xalqchil siyosatga asoslangan davlatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali dunyoda “asr vabosi” deb nom olgan giyohvand­likning inson sog‘lig‘iga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida baralla aytilmoqda va keng tushuntirilmoqda. Hozirgi vaziyatda ichkilikbozlik, giyohvandlik va kashandalikka qarshi butun choralar bilan kurash olib borish insoniyatning eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Bu ishdan har birimiz chetda turmasligimiz, yoshlarga bu odatlarning zarari va keltirajak kulfatlari haqida muntazam tushuntirish ishlari olib bori­shimiz, ularni pok turmush tarzi, go‘zal odob-axloqqa muntazam targ‘ib qilishimiz zarurligi aytib o’tildi.

Institut  matbuot kotibi  N.L.Usmanova