Davlat idoralariga tinimsiz shikoyat qilgan shaxs sudga tortildi

15.03.2019, 13:08 Yangiliklar 2379

Farg‘onada turli davlat idoralariga yolg‘on, shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatishdan iborat bo‘lgan murojaatlar yo‘llagan fuqaroga nisbatan ma’muriy sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi. 

Mamlakatimizda har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Biroq, oramizda o‘z manfaatlari yo‘lida boshqalarni ustidan turli idoralarga asossiz bo‘lgan shikoyat va arizalar bilan murojaat qilib, o‘z tasdig‘ini topmagan uydirmalar bilan ayblab, bu ishni “kasb” qilib olganlar ham bor.

Toshloq tuman ma’muriy sudida Oltiariq tumanida yashovchi O.Egamovga nisbatan Marg‘ilon shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-moddasi bilan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.

Sud davomida O.Egamov 2018 yil mart oyidan dekabr oyiga qadar Farg‘ona viloyatining turli huquqni muhofaza qiluvchi va davlat idoralariga Marg‘ilon shahar hokimligidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Bog‘bon” bog‘dorchilik uyushmasi sobiq rahbari B.Madmarov ustidan o‘ndan ortiq asossiz ariza va murojaatlar yo‘llagan. Unda B. Madmarov oliy ma’lumotli emasligi, uyushma a’zolari tomonidan to‘lab kelingan badal pullarini o‘zlashtirib yuborgani, uyushma a’zolaridan asossiz ravishda qo‘shimcha to‘lovlar olib kelgani, uyushmada rasman ishlab kelayotgan bo‘lsa-da pensiya pullarini asossiz ravishda to‘liq olayotgani hamda noqonuniy ravishda 156,5 ga yer maydonidan foydalanib, soliq to‘lamay kelayotgani bayon qilingan.

Ammo bularning birortasi o‘z isbotini topmay, ariza muallifi tomonidan B.Madmarov shaxsini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, tuhmat qilganligi aniqlandi.

– Garchi mazkur huquqbuzarlik uchun qonun sanksiyasida eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha jarima jazo chorasini qo‘llash mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, sud O.Egamovning yoshini, nafaqada ekanligini va muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganini inobatga olib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 33-moddasini qo‘llab, eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida jarima jazo chorasi tayinlandi, – deydi Toshloq tuman ma’muriy sudi raisi Abrorxon Akramov. – Sud majlisida O.Egamovni deyarli bir yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi, Farg‘ona viloyati prokuraturasi, viloyat Davlat soliq boshqarmasi, Marg‘ilon shahar hokimligi, Marg‘ilon shahar ichki ishlar bo‘limi, Marg‘ilon shahar Davlat soliq inspeksiyasi, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Oltiariq tuman bo‘limi va tuman moliya bo‘limiga yuborgan ariza va shikoyatlarida ko‘rsatilgan holatlar asossiz ekanligi tasdiqlandi.

Ish bo‘yicha jabrlanuvchi B.Madmarov mazkur holatga izoh berar ekan, O.Egamov 2018 yil davomida 22 marta uni ustidan ariza yozib, uni obro‘sini bulg‘aydigan turli mazmundagi asossiz bo‘lgan arizalarni huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlariga yuborib, tinchini buzib, shaxsini sharmanda qilishga uringani, arizalarda ko‘rsatilgan barcha holatlar o‘z tasdig‘ini topmagani, sud majlisida adolatli qaror qabul qilinishigina uni harakatlarini to‘xtatishga asos bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Zero, davlatimiz tomonidan jamiyatning har bir a’zosiga o‘z huquqlarini har qanday usulda va tartibda himoya qilish huquqi kafolatlangan ekan, hech kim ushbu huquqdan g‘arazli niyatlarda foydalanib, boshqa shaxslarni obro‘sini to‘kishi yoki ularga boshqacha tarzda ziyon yetkazishga haqli emas. Shuning uchun ham har bir fuqaro murojaatida adolat, xolislik bo‘lmog‘i lozim. Bu borada sud organlari o‘zlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, qonun ustuvorligini ta’minlab kelmoqda.

Uza.uz

Institut  matbuot  kotibi N.L.Usmanova