O‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda
Yurtimizda ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga qaratilgan odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan davra suhbati shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda vazirlikning mas’ul xodimlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF va YuNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etishdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 190 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. O‘zbekistonda esa bachadon bo‘yni saratoni eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi o‘rinda. Kasalliklar orasida xavfliligi ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida bachadon bo‘yni saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi. Shunday qilib, papilloma virusi kasalliklarining salmog‘i yuqori bo‘lib, uni oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papillomasi virusi vaksinasi bilan emlash orqali bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishning kamayishiga erishish mumkin.
— Dunyoda OPVga qarshi vaksina bilan qizlar 2006 yildan boshlab emlanadi, — dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimi Kamola Safaeva. — Yuzdan ortiq mamlakatlar undan foydalanish uchun ruxsat olgan, ulardan 74 tasi vaksinani o‘zlarining milliy emlash kalendariga kiritgan. Ko‘p yillik o‘rganishlarvaksinaning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda, ko‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi,degan savol qiziqtirishi tabiiy. Dunyoda o‘tkazilgan tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, ushbuvaksina qizlarni nafaqat bachadon bo‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning sog‘lig‘ini ham yanada mustahkamlaydi.
— Milliy emlash kalendari bo‘yicha yurtimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi, ularni qo‘llash evaziga ko‘p yillardan buyon qator kasalliklarning oldi olinyapti, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova. — OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatgichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi va oktabr oyidan boshlab 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati
ЎзА
Institut matbuot kotibi
N.L.Usmanova