“Barhayot siymolar” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
BARHAYOT SIYMOLAR
Insong‘a erur kamol matlub,
Andin dag‘i dardu hol matlub.
Har kimgaki ulum bo‘lsa vosil,
Gar dardiyu holi yo‘q, ne hosil?
Komillikni istagan inson dard va holni ham talab etmog‘i, o‘rganmog‘i lozim. Agar inson bir necha ilmlarga ega bo‘lsayu, unda dard va hol bo‘lmasa, bu ilm egasiga qanday foyda berishi mumkin?
Necha asrlarki, Alisher Navoiy nazm va navoda yulduzdek porlab turgan bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Bobur nomi shoir, shoh va sarkarda sifatida jahonga dovrug‘ taratmoqda. Bu ulug‘ ajdodlarimiz Vatanga muhabbat, insonparvarlik, ma’rifatparvarlik, mehr-oqibat, yaxshilik va ezgulikni tarannum etib, go‘zal va benazir asarlar qoldirgani xalqimizning katta baxtidir. Bobur ham Navoiy kabi adabiyot, san’at, tarix va ilm-fanning turli sohalarida qimmatli asarlar yaratdi. Uning lirik devonlari, «Boburnoma», «Mubayyin», «Xatti Boburiy» kabi asarlari o‘zbek adabiy tili, adabiyoti va ilm-fani ravnaqi yo‘lidagi bebaho boylikdir. Bugungi kunda «Boburnoma» jahon madaniyatining nodir yodgorligi sifatida e’zozlanadi. Ushbu asarning XVII-XVIII asrlarda ko‘chirilgan nusxalari Sankt-Peterburg, Kalkutta, Agra, Haydarobod, Manchestr, London, Edinburg kabi shaharlarda saqlanmoqda. Bu ikki buyuk insonlar- g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligini munosib nishonlash maqsadida 2019 yil 15 fevralda Toshkent farmatsevtika instituti kichik faollar zalida “Barhayot siymolar” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir institut “Tillar kafedrasi” o‘qituvchilari va ARM xodimlari hamkorligida tashkil qilindi. Kechada institutning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan mutaffakir shoirlar ijodi va hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, hayotbahsh g‘azallaridan o‘qib berish bilan davom etdi. Har yili bu ikki ulug‘ ajdodimizni yod etib o‘tkaziladigan tadbir bu yil ham yig‘ilganlarda yaxshi taassurotlar qoldirdi deb umid qilamiz. Zero ajdodlar avlodlar tomonidan xotirlanib hurmat qilinar ekan bunday xalqning kelajagi ham albatta buyuk bo‘ladi.
ARM mudiri F.N. Xolmuratova