“Barhayot siymolar” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

18.02.2019, 10:15 Institut yangiliklari, Yangiliklar 3624

BARHAYOT SIYMOLAR

         Insong‘a erur kamol matlub,
         Andin dag‘i dardu hol matlub.
         Har kimgaki ulum bo‘lsa vosil,
         Gar dardiyu holi yo‘q, ne hosil?

          Komillikni istagan inson dard va holni ham talab etmog‘i, o‘rganmog‘i lozim. Agar inson bir necha ilmlarga ega bo‘lsayu, unda dard va hol bo‘lmasa, bu ilm egasiga qanday foyda berishi mumkin?

     Necha asrlarki, Alisher Navoiy nazm va navoda yulduzdek porlab turgan bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Bobur nomi shoir, shoh va sarkarda sifatida jahonga dovrug‘ taratmoqda. Bu ulug‘ ajdodlarimiz Vatanga muhabbat, insonparvarlik, ma’rifatparvarlik, mehr-oqibat, yaxshilik va ezgulikni tarannum etib, go‘zal va benazir asarlar qoldirgani xalqimizning katta baxtidir.   Bobur ham Navoiy kabi adabiyot, san’at, tarix va ilm-fanning turli sohalarida qimmatli asarlar yaratdi. Uning lirik devonlari, «Boburnoma», «Mubayyin», «Xatti Boburiy» kabi asarlari o‘zbek adabiy tili, adabiyoti va ilm-fani ravnaqi yo‘lidagi bebaho boylikdir. Bugungi kunda «Boburnoma» jahon madaniyatining nodir yodgorligi sifatida e’zozlanadi. Ushbu asarning XVII-XVIII asrlarda ko‘chirilgan nusxalari Sankt-Peterburg, Kalkutta, Agra, Haydarobod, Manchestr, London, Edinburg kabi shaharlarda saqlanmoqda.  Bu ikki  buyuk  insonlar- g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi  hamda  shoh  va  shoir Zahiriddin  Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligini  munosib nishonlash maqsadida   2019 yil 15 fevralda  Toshkent farmatsevtika instituti kichik faollar zalida “Barhayot siymolar”  deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir  bo‘lib o‘tdi.   Tadbir institut “Tillar  kafedrasi” o‘qituvchilari va ARM  xodimlari hamkorligida tashkil  qilindi. Kechada  institutning iqtidorli  talabalari tomonidan  tayyorlangan  mutaffakir  shoirlar  ijodi va hayotiga  bag‘ishlangan  sahna ko‘rinishlari, hayotbahsh g‘azallaridan  o‘qib berish bilan davom etdi. Har yili bu ikki  ulug‘ ajdodimizni yod etib o‘tkaziladigan  tadbir bu yil ham yig‘ilganlarda yaxshi taassurotlar qoldirdi deb umid qilamiz. Zero ajdodlar avlodlar tomonidan xotirlanib hurmat qilinar ekan  bunday xalqning  kelajagi ham albatta buyuk  bo‘ladi.

          

     

             

ARM mudiri                       F.N. Xolmuratova