Prezident xalq ko‘nglidagi gaplarni aytdi.
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bayram O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etib, siyosiy-huquqiy hayotimizdagi o‘zgarishlar haqida ma’ruza qildi.
Bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimiz ekanini alohida ta’kidladi.
Konstitutsiyamizning 2-moddasida davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekani belgilab qo‘yilgan.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz rahbari bo‘lgan ilk kunlardanoq mazkur konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining asosiga aylandi. Prezidentimiz xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilishni oliy maqsad, mezon qilib qo‘ydi. Tashkilotlar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida ishlaydigan bo‘ldi.
Inson manfaatlarini ta’minlash maqsadida keyingi ikki yilda sud-huquq sohasida ham katta o‘zgarishlar qilindi. Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga butunlay chek qo‘yildi. Fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida advokatlarning vakolatlari kengaytirildi. Sud-tergov faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash, ovoragarchilik va ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tizimga axborot texnologiyalari joriy etildi.
Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaning bosh maqsadi – xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish borasida qilingan va qilinajak ishlarga ham e’tibor qaratdi. Jamoatchilik va xalqaro ekspertlar fikrlari asosida Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingani, unga muvofiq soliq stavkalari pasaytirilishi, ba’zi badal va to‘lovlar bekor qilinishi, tadbirkorlikni rivojlantirish va ish o‘rinlari yaratish rag‘batlantirilishini ta’kidladi.
Tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun keng sharoitlar yaratish, ayniqsa, inflyasiya darajasini pasaytirish bo‘yicha oldindagi muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
“Agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo‘lsak, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart. YAgona yo‘limiz shu. Bu – Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yo‘l yo‘q. Biz boshlagan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz va ular albatta o‘zining ijobiy natijasini beradi” dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, yoshlarni o‘qitish va kasbga tayyorlash, ish va uy-joylar bilan ta’minlash, pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar bo‘yicha ham muhim chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etish zarurligini ta’kidladi. YOshlarning ilmga intilishini kuchaytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bundan buyon ham islohotlar markazida bo‘lishini qayd etdi.
«Chunki bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa – taraqqiyotning kafolatidir!” dedi davlatimiz rahbari.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va san’at namoyandalari, xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Bayramdagi konsert dasturi ilk bor to‘liq jonli ijroda o‘tkazildi. Unda xalqimiz hayotidagi o‘zgarishlar, mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik siyosati namoyon bo‘ldi.
Institut matbuot kotibi
N.L.Usmanova