Erkinlik, farovon hayot va taraqqiyotning asosiy poydevori

27.11.2018, 18:31 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2170

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Konstitutsiya – milliy davlatchiligimizning huquqiy kafolatlarini o‘zida mustahkamlagan, inson huquqlari, ozodlik, barqarorlik va taraqqiyot majmuini ifodalaydigan demokratik, huquqiy va adolatli davlatni qurish yo‘lining istiqbollarini belgilab beradi. 

Istiqlolimizning eng katta yutuqlaridan biri – yurtimizda tarixan qisqa muddatda milliy davlatchiligimiz huquqiy poydevori yaratilgani bilan bugun har qancha faxrlansak arziydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining e’tiborga molik jihati shundaki, u nafaqat demokratik va liberal normalarni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan, balki milliy konstitutsiyalar qabul qilinishi tarixida noyob xususiyati bilan, aniqrog‘i, qabul qilinishi jarayonidagi demokratikligi, loyihasi ikki marotaba umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, qabul qilingani bilan ahamiyatlidir.

Xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boyitilishi, sayqal topishi evaziga Konstitutsiyamiz tom ma’nodagi xalqchil Qomusga aylandi. Tabiiyki, har qanday davlatning Konstitutsiyasi unda yashovchi xalq irodasini, ruhiyatini, erkinlik, farovon hayot va taraqqiyotni aks ettiradi.

Konstitutsiyaning mamlakat hayotidagi roli beqiyos. Ijtimoiy hayotni tartibga soluvchi barcha qonunlar tizimini bir butun imorat, deb bilsak, Konstitutsiya uning poydevorini tashkil qiladi. Imoratning mustahkamligi esa, birinchi navbatda, poydevorga bog‘liq. Sohibqiron Amir Temur bobomiz aytganidek “Qaerda qonun hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bo‘ladi”. Darhaqiqat, qaysi mamlakatda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha mamlakatda tinchlik hukm surib, taraqqiyotga, yuksalishga erishiladi. Aksincha, qonunga amal qilinmagan joyda tartibsizlik, beboshlik avj oladi, iqtisodiyot tanazzulga yuz tutadi.

Albatta, qonunlarga rioya qilinishi ularning sifatiga ham bevosita bog‘liq. Qonunlarimiz qanchalik adolatli, mukammal bo‘lsa, jamiyatimizda ijtimoiy munosabatlar shunchalik tartibli kechadi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘zining bevosita ta’sirini o‘tkazadi. Konstitutsiyamiz O‘zbekistonda insonparvar demokratik huquqiy davlat, inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirishning eng muhim qoidalarini o‘zida mujassam etgan, jamiyatimiz hayotining asosiy huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bosh qomusimizda demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab amalga oshirishi kabi asosiy prinsiplar belgilandi. Shu qoidalar asosida mamlakatimizda “Islohot islohot uchun emas, avvalo, inson uchun”, degan g‘oya hayotga tatbiq etildi. Konstitutsiyamizda, shuningdek, fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklariga putur yetkazmasligi shartligi to‘g‘risidagi qoida ham o‘z ifodasini topdi.

Konstitutsiyada davlat xalq irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat hokimiyatining birdan bir manbai O‘zbekiston xalqi ekanligi belgilanib, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipi mustahkamlandi. Har qanday demokratik davlatning asosiy hal qiluvchi sharti bo‘lgan hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi shakllantirildi.

Konstitutsiya har bir davlatning asosiy huquqiy hujjati hisoblanib, uning me’yorlari nafaqat davlat tuzumi, davlat hokimiyati va boshqaruvini tashkil etish prinsiplarini, balki ijtimoiy hayot me’yorlarini ham belgilaydi. Masalan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 14-bobida oilaviy turmush tarzining huquqiy asosini tashkil etuvchi prinsipial qoidalar belgilangan. Uning 12-bobi esa jamiyatning iqtisodiy asoslari, iqtisodiy faoliyat erkinligini kafolatli ta’minlash, mulkdorlar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan. Konstitutsiyaviy huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, konstitutsiya o‘zining asosiy qoidalarini hayotga to‘liq tatbiq etish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Davlat va har bir fuqaro hayotida konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati juda katta. Demokratik davlatning konstitutsiyaviy asosini inson huquq va erkinliklari tashkil qiladi. Shu ma’noda, mamlakatimiz Konstitutsiyasidan “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” bo‘limi alohida o‘rin egallagani bejiz emas. Shuningdek, Bosh qomusimizning “Asosiy prinsiplar” bo‘limida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanini qayd etuvchi asosiy g‘oyalar mustahkamlangan.

Konstitutsiya barqaror bo‘lishi kerak, ammo u mutlaq o‘zgarmas, qotib qolgan dogma ham emas. U hayotga mos va xos ravishda, mamlakat taraqqiyotining burilish pallalari va xalq istak-xohishlari taqozosiga ko‘ra muayyan tartibda o‘zgartirib turiladi.

Biz erishgan yutuqlarning eng muhimi – eski tizimdan butunlay voz kechib, mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirish yo‘lidan dadil borayotganimiz va bu jarayonning hech qachon ortga qaytmaydigan qat’iy va izchil tus olganini bugungi kunda har bir O‘zbekiston fuqarosi chuqur anglab va butun ongu shuuri bilan his etib yashamoqda.

Konstitutsiyamizning qoida va me’yorlariga tayanib, mustaqillik yillari davrida O‘zbekistonning demokratik taraqqiyotini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda xalq farovonligini yuksaltirishdagi jarayonlarning yanada faollashgani, ko‘lami va miqyosi tobora kengayib borayotganligini, faol demokratik o‘zgarishlarni quyidagilar zamirida yaqqol ko‘rib turibmiz.

Bosh qomusimiz jahon konstitutsiyaviy xaritasida o‘z o‘rnini topdi va unda jahon konstitutsiyaviy tajribasi, yutuqlari uyg‘unlashgan. Ya’ni, Asosiy qonunimiz rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratildi.

Uning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo‘lib, ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini o‘z ichiga olgan. Konstitutsiyani o‘rganish bo‘yicha tajribamiz, ya’ni konstitutsiyaviy huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan uzluksiz huquqiy ta’lim tizimi xalqaro ahamiyatga ega.

Alisher Maxmatmurodov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati.​

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova.