​Axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishga to‘sqinlik qiluvchi muammolar bor.

22.11.2018, 16:02 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2764

Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar va o‘zgarishlarni samarali amalga oshirishning muhim shartlaridan biri davlat va jamiyat boshqaruvi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etishdir.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 21 noyabrda “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida shu kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Mazkur hujjat axborot sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramasdan “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishi va samarali faoliyat ko‘rsatishiga, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolar saqlanib qolmoqda.

Mavjud muammolar axborotlashtirish sub’ektlari tomonidan qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlarining ijro etilishi ustidan nazorat va tekshirishning amaldagi mexanizmi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pasayishiga va axborot xavfsizligi sohasidagi amalga oshirilayotgan ishlarning samarasizligiga sabab bo‘lmoqda.

Axborot sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tugatilib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi.

Muhayyo Toshqoraeva, O‘zA​

Institut matbuot kotibi    N.L.Usmanova