O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosarini qabul qildi.

22.11.2018, 11:55 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2255

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Jeneva shahridagi bo‘linmasi bosh direktori Maykl Myollerni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Samarqandda o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli delegatsiyasi tashrifi O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganining yana bir tasdig‘i ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

O‘zaro aloqa va tashriflar sezilarli faollashgani mamlakatimizning Tashkilot tuzilma va institutlari bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga qaratilgan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgani qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNESKO, Jahon sayyohlik tashkiloti va BMTning boshqa muassasalari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga doir qator dasturiy hujjatlar va “yo‘l xarita”lari qabul qilingan va birgalikda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan joriy yil iyun oyida birinchi marta BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash masalalari bo‘yicha maxsus rezolyusiyasi qabul qilingani hamda uning xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, mamlakatimizning BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli rezolyusiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surish yo‘lida birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Orol ekologik fojiasi oqibatlarini, jumladan, Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali yumshatishda jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning BMT shafeligida maxsus Trast jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha tashabbusini ro‘yobga chiqarish bu borada katta amaliy qadam bo‘ladi. Joriy yil 27 noyabr kuni Tashkilotning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida ushbu tuzilmaning yuqori darajadagi birinchi tadbiri bo‘lib o‘tadi.

Tomonlar, shuningdek, mintaqamiz va uning tashqarisida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lgan Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etishga har tomonlama ko‘maklashish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Maykl Myoller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, avvalo, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsad va vazifalariga hamohang ekani alohida ta’kidlandi.

Maykl Myoller Tashkilot O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, mintaqada barqaror taraqqiyotga ko‘maklashish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

BMT O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi natijalari doirasida yanada mustahkamlashga tayyor ekani qayd etildi.

 

O’zA

Institut matbuot kotibi  N.L.Usmanova