Zanjabil xaqida nima bilasiz?

09.04.2018, 12:26 Institut yangiliklari, Yangiliklar 34683

     

Buyuk hakim Abu Ali Ibn Sino “Tib qonunlari” asarida ko‘plab xastaliklarni davolashda qo‘llanadigan malhamlarni tayyorlashda ular tarkibiga zanjabil qo‘shish lozim, deb yozgan. Bir qator xastaliklarni davolashda zanjabildan samarali foydalangan buyuk hakim Abu Ali ibn Sino o‘z asarida shunday yozadi: “Zanjabil eslash qobiliyatini orttiradi, bosh va yurak atrofidagi rutubatlarni ketkazadi, ovqatni yaxshi hazm qildiradi”.

ZANJABIL (Zingiber officinale) – bir pallalilar sinfiga, zanjabildoshlar oilasiga mansub, yo‘g‘on ildiz-poyali ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Asosan, tropik va subtropiklarda tarqalgan. O‘simlikning vatani Janubiy Osiyo bo‘lib, hozir Xitoy va Hindiston, Indoneziya va Avstraliya, G‘arbiy Afrika, shuningdek, Yamayka va Barbados orollaridagi tropik va subtropik hududlarda o‘stiriladi. Zanjabil ilmiy tilda singabera deb atalib, sanskritchada “shoxli ildiz” degan ma’noni anglatadi va “universal dori vositasi“ sifatida keng qo‘llanadi. zanjabil yer osti tanasining hamma qismida efir moyi bor. Qurigan ildizi xushbo‘y hidli va mazali bo‘lib, efir moyiga boy. Maydalanmagan zanjabilning xushbo‘y hidi maydalanganiga nisbatan uzoq saqlanadi. Tuyib elaklangan talqoni tabobatda jigar, yurak, me’da xastaligini davolashda ishlatiladi (asal bilan birga choynakka damlab ichiladi). Oziq-ovqat sanoatida konditer mahsulotlari ishlab chiqarishda va pazandachilikda ba’zi ovqatlarga (pishish oldidan) maydalangan holda ziravor sifatida solib ishlatiladi.

Shubhasiz, zanjabilning dunyodagi ko‘pchilik xalqlar o‘rtasida ma’lumu-mashhurligi uning shifobaxsh xossalari bilan bog‘liq, bu esa, uning kasalliklarning oldini olish va ularni davolashda universal tabiiy vositaligidandir.

Uning kimyoviy tarkibida 400 ga yaqin foydali elementlar mavjud. Ushbu ildiz o‘z tarkibida juda kerakli bo‘lgan aminokislotalar, uglevodlar, oz miqdorda yog‘, ko‘p miqdorda sellyulozani saqlaydi. Zanjabil vitaminlarga juda boy (V-guruh vitaminlari, askorbin kilotasi, tokoferol, vitamin K ni alohida ta’kidlash kerak). U o‘zining tarkibida kaliy, fosfor, magniy, temir, kalsiy, rux va shu kabi boshqa mikro va makroelementlarni, efir moyini saqlaydi. Bu o‘simlik ildizining kaloriyaliligi uning qay holatda ekanligiga bog‘liq 100 g barra ildizning energetik qiymati 80 kkal ga teng, quritilgan holatda esa bu ko‘rsatkichi deyarli 4 marta oshadi (taxminan 330 kkal/100 g ni tashkil qiladi). Zanjabilning shifobaxsh xususiyatlari keyingi bir necha o‘n yilliklarda zamonaviy mutaxassislar tomonidan faol o‘rganilmoqda. Tarkibida biriktiruvchi moddalar va gingerol mavjudligi unga o‘ziga xos yoqimli hid berib turadi, qator foydali xossalarga egaligi ham shundan kelib chiqadi.

Bugungi kunda zanjabil ko‘pgina tabiiy dori-darmonlar tarkibiga kiritilib, organizmni turli illatlardan himoya qilishda va bir qancha kasalliklarga qarshi kurashda keng iste’mol qilinmoqda.

Zanjabilli choyning foydalari

Mutaxassislar zanjabilli choyga biroz dolchin qo‘shilsa, uning faolligi va ta’sirchanligi oshishini ta’kidlashmoqda.

Bunday choy bir bo‘lak zanjabil ildizi va dolchinning kichik tayoqchasidan qo‘shib damlanadi. Bu yo‘l bilan damlangan choy biroz o‘tkir mazasi bilan organizm uchun juda foydali bo‘lib, uni mustahkamlaydi.

Zanjabil ovqat hazmini me’yorlashtiradi. Yalpiz, limono‘t, sandal daraxti moyi kishini bo‘shashtirib, xavotirlarni tarqatadi. Ayniqsa, parhez tutgan ayollardagi asabiylikni bosib, ko‘ngilni tinchlantiradi.

     

Zanjabilli choyni muntazam ichish uning juda ko‘p foydali xossalari sababidan tavsiya etiladi:

Jigarni tozalab, undan zaharli moddalarni chiqarib yuboradi

Jigarni har yili bir-ikki marta tozalash zarur. Bu hayotiy muhim a’zo qonni filtrlab turadi va qon-tomir tizimidan zararli va zaharli moddalarni chiqarib yuborish uchun xizmat qiladi.

Zanjabilli choy ichilganida undagi zanjabil va dolchin birikmasi jigarni himoyalab, tozalab turadi, buning natijasida u tozalanib, yengil tortadi va o‘z vazifasini faol bajarishga o‘tadi.

O‘t pufagini sog‘lomlashtiradi

Agar o‘t pufagingizda tosh paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu choydan muntazam ichib yuring, bu nafaqat jigaringizni himoyalashda yordam qiladi, balki shu bilan bir qatorda o‘t pufagingizni ham sog‘lomlashtiradi.

Organizmni ichdan qizdiradi

Bunday qaynoq choy ichilganida qizdiradi va sovuqdan himoya qiladi, shuning uchun uni sovuq va nam havoli kunlarda ichish ayniqsa yoqimli.

Zanjabil organizmni qizdiruvchi ta’sirga ega, ortiqcha kaloriyaga ega bo‘lgan keraksiz energiyani chiqarib yuboradi, tanada me’yordagi haroratni saqlashga yordam beradi.

Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi

Ovqat hazm qilishda muammosi bo‘lgan kishilar oshqozon-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilash maqsadida bu choydan ichishlari mumkin.

Bu choy badanni yaxshigina qizdiradi, ichki a’zolardagi shamollashlarni oladi, qorin dam bo‘lishidan hamda eldan xalos etadi.

Immun tizimini mustahkamlaydi

Zanjabil ayniqsa kaliy, fosfor va vitamin S ga boy, bu moddalar immunitetni mustahkamlashda, grip va shamollash viruslariga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega.

Zanjabilli choy

Bu tabiiy choyni tayyorlash juda oson, buning uchun zarur mahsulotlarni topish ham qulay, har bir supermarketdan sotib olish mumkin.

Buning uchun: 1 bo‘lak zanjabil ildizi (2 sm atrofida), 1 bo‘lak dolchin, yarimta limon mevasi, 1 stakan suv (250 ml) kerak bo‘ladi.

Tayyorlash yo‘li:

Avval zanjabil ildizini yaxshilab yuvib, sochiq bilan artiladi.

Tayyorlangan 1 stakan suvni qaynatib, unga artilgan zanjabil va dolchin solinadi. Past olovda yana 10 minut qaynatiladi. Qaynatmaga yarimta limon sharbati qo‘shiladi. Qaynatmani dokadan o‘tkaziladi, bir necha minutdan so‘ng tayyor bo‘lgan choyni kuniga ikki-uch mahal ichiladi.

 

Zanjabil yordamida ozing!

Zanjabilli choyni ovqatlanishdan yarim soat oldin iching. SHunda siz kamroq ovqatlanasiz, ishtahangiz karnay bo‘lmaydi, yog‘lar parchalanib, hazm jarayoni tezlashadi.

  • Zanjabilli choy ichishga qaror qildingizmi, birinchi kun 50 ml., ikkinchi kun 100 ml., uchinchi kun esa 150 ml.dan iching. Miqdorni kun sayin oshirib boring.
  • Kuniga 2 litrdan ko‘p zanjabilli choy ichmang. Uxlashdan 3-4 oldin choy ichishni to‘xtating.
  • Zanjabilli choy nafaqat ozdiradi, balki immunitetni oshirib, bosh og‘rig‘ini ham qoldiradi.

Zanjabilli choyni ichib bo‘lmaydigan holatlar

Zanjabil va dolchin oshqozonni ko‘p kasalliklardan himoya qilsa ham, ovqat hazm qilish a’zolarida muammosi bor kishilarga bunday choy ichish tavsiya etilmaydi, chunki, zanjabil ham, dolchin ham kuchli qo‘zg‘atuvchi moddalardir.

Shuningdek, uni ichish homilador ayollarga, bolalarga va kuchli antikoagulyant dorilar qatoriga kiruvchi aspirin, varfarin, tiklopidin yoki geparin kabi dori-darmonlar ichib yuruvchi kishilarga tavsiya etilmaydi. Shubha tug‘ilgan yoki bunday choyni ichish natijasida ko‘ngilsiz reaksiya bergan hollarda davolovchi shifokor bilan maslahatlashing.

Tayyorladi farmakognoziya kafedrasi dotsenti,  farm.f.n.,

Xodjayeva Muattar Asadullayevna

02.04.2018 yil efirga uzatildi.