“USTOZGA EHTIROM”

21.09.2019, 14:26 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2331

MANSUR AZIZOVICh faoliyatiga bag‘ishlanadi

Dunyoda har qaysi kasb-hunarning o‘ziga xos o‘rni, ahamiyati va qadr-qimmati bor. Ammo ular orasida eng ulug‘ va sharaflisi, bu – o‘qituvchilik kasbidir. Chunki muallim har birimizga saboq beradi, aql-idrokimizni yuksaltiradi, hayot ilmini o‘rgatadi. Ustozni ulug‘ deb bilgan ma’rifatparvar xalqimiz muallim va murabbiy zotini hamisha ardoqlab, ularning mehnatini qadrlab keladi. Barcha kasb egalari borki, ustozlar ta’lim-tarbiyasini olgan va ulkan cho‘qqilarni zabt etishgan. Mana shunday jonkuyar, fidoiy, o‘z sohasining beshqadam ustozlaridan biri Toshkent farmasevtika instituti professori Tadjiev Mansur Azizovichdir.

Ustoz sal kam 48 yil mazkur dargohda talaba-yoshlarga saboq berib kelmoqda. M.A.Tadjiev Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topdi. 1964 yil o‘rta maktabni tugatgach, shu yilning o‘zida Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kirdi. 1969 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugatgach, toksikologik kimyo kafedrasida avval izlanuvchi-tadqiqotchi, so‘ngra 1972 yildan assistent lavozimida mehnat qildi va professor L.T.Ikromov rahbarligida ilmiy ishlar bilan shug‘ullandi. 1978 yili Moskva tibbiyot akademiyasi qoshidagi Ixtisoslashgan kengashida sud-kimyo amaliyotida “Bazudin va metafosni biologik ob’ektlardan ajratib olish va tahlili” mavzusida nomzodlik dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.

1983 yildan toksikologik kimyo kafedrasida katta o‘qituvchi, 1989-1992 yillarda shu kafedrada dotsent lavozimida mehnat qildi. 1986 yilda ilmiy ishlarda ko‘rsatgan xizmatlari uchun “O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fahriy yorlig‘i” va O‘zbekiston halq xo‘jalik ko‘rgazmasining sovrindori bo‘ldi. 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan farmasevtik kimyo va farmokognoziya ixtisosligi bo‘yicha professor unvoni berildi.

Ilmiy izlanishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sud tibbiy ekspertiza amaliyotida qo‘llash uchun 15 dan ortiq ilmiy uslubiy qo‘llanma, 3 ta o‘quv adabiyoti, 75 ta o‘quv uslubiy qo‘llanma, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etishga erishgan. U o‘zining ilmiy izlanishlari natijasida Turkiya, Meksika, Yaponiya, Italiya, Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Yevropa davlatlari, hamda Respublikamiz ilmiy amaliy anjumanlarida ma’ruzalar bilan qatnashgan.

Professor M.A.Tadjievning samarali mehnati Sog‘liqni saqlash vazirligi ﴾1983, 1996, 2000﴿, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ﴾2002﴿, Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasining rahmatnomalari ﴾2009﴿ va “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ﴾2012﴿ ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan, u o‘zining 48 yillik ilmiy-pedagogik faoliyatida doimo kamtar, sidqidildan mehnat qiluvchi, sofdil ustoz sifatida tanilgani hech kimga sir emas. Ustozga sog‘liq, omonlik, tinchlik va xotirjamlik, faoliyatingizda ulkan zafarlar, barcha reja va orzu-umidlaringizni ro‘yobga chiqishini tilaymiz. Shuningdek, Sizga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz hamda xalqimiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizni tark etmasin.

Nigora AShUROVA

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘lim boshlig‘i