“Hadislar bilimdoni” respublika tanlovi. NIZOMI

26.04.2018, 16:36 E'lonlar 12046

I.Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur Nizom Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashining 2018-yil 22-yanvardagi 1-son majlisi bayoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida yoshlar siyosati sohasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar Dasturining 33-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Hadislar bilimdoni” respublika tanlovining (bundan keyin matnda  tanlov deb yuritiladi) maqsad va vazifalari, tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.

1.2. Tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

1.3. Tanlov ikki bosqichda (saralash va yakuniy) o‘tkaziladi.

1.4. Tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishlari mumkin.

II.Tanlovning maqsad va vazifalari

2.1. Tanlovning asosiy maqsadi – islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, insonlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan hadislarni yoshlarning barcha qatlamlarida keng targ‘ib qilishdan iborat.

2.2. Quyidagilar tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:

– diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan yoshlarning hadis ilmi bo‘yicha bilimlarini rivojlantirish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi muhaddislar yetishib chiqishi uchun zamin yaratish;

– yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, islom dinining asl mohiyatini anglagan holda yoshlarda hadis ilmiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yurtimizda hadis bilimdonlarini etishtirib chiqarish;

– yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa muhaddis allomalar qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, uni xalqimiz va yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish.

III. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi

3.1. Tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

3.2. Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi.

– birinchi bosqich – saralash bosqichi:

mazkur bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida o‘tkaziladi. Tanlovning saralash bosqichi O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi viloyat vakillari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mahalliy Kengashlari ko‘magida tashkil etiladi.

Barcha bosqichlar ayollar o‘rtasida alohida, erkaklar o‘rtasida alohida o‘tkaziladi. Saralash bosqichida ishtirokchilar 1,2,3-o‘rinlar uchun o‘zaro bellashadilar. Har ikkala yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

“Hadislar bilimdoni” respublika tanlovida ishtirok etishni xohlovchi nomzodlar doimiy ro‘yxatda (doimiy propiska bo‘yicha) turadigan joyidan 2018-yilning 20-25 apreligacha O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi (tuman, shahar) vakilliklariga murojaat qilib, ro‘yxatga olinadi.

Saralash bosqichi (viloyat) joriy yilning 1-5 mayiga qadar o‘tkaziladi.

– ikkinchi bosqich – respublika bosqichi:

mazkur bosqichda Qoraqapog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kesimida o‘tkazilgan saralash bosqichida 1-o‘rinni egallangan ayol-qizlar va erkak ishtirokchilar 1,2,3-o‘rinlar uchun o‘zaro bellashadilar.

“Hadislar bilimdoni” musobaqasining respublika bosqichini o‘tkazish joyi va sanasi hamkor tashkilotlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.

IV.Tanlovda ishtirok etish shartlari

4.1. Tanlovda diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqishi bo‘lgan kamida 40 ta hadisni (arabcha matni bilan) yoddan bilgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishlari mumkin.

4.2. Tanlov ishtirokchilari Imom Buxoriyning “al-Adab al-Mufrad” asaridagi hadislardan ikki yuztasi asosida baholanadi.

4.3. Tanlov uchta shartdan iborat bo‘ladi:

– Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini yoritib berish;

– berilgan hadisni sharhlab berish (hadisni tarjima qilish va undan olinadigan foydalarni bayon qilish);

– hadisni arab tilidagi matnini sahobiy bilan yoddan aytib (berilgan boblar bo‘yicha bittadan hadis aytish) berish.

4.4. Ishtirokchilarning chiqishlari qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.

V.Tanlov ishtirokchilarini baholash

5.1. Tanlovning saralash bosqichida ishtirokchilarni baholash uchun diniy ta’lim muassasalarida alohida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida hakamlar hay’ati tuziladi. Hakamlar hay’ati tarkibi diniy ta’lim muassasalarining malakali pedagog-o‘qituvchilari hamda tajribali imom-xatiblardan iborat bo‘ladi.

5.2. Tanlovning respublika bosqichida ishtirokchilarni baholash uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari, Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti, Mir Arab Oliy madrasasi hamda diniy ta’lim muassasalarining yuqori salohiyatga ega bo‘lgan pedagog-o‘qituvchilaridan iborat Hakamlar hay’ati tuziladi.

5.3. Tanlovning barcha bosqichlari yagona talablar va yagona baholash mezonlari asosida o‘tkaziladi. Tanlov shartlari va baholash mezoni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

5.4. Tanlov ishtirokchilari Hakamlar hay’ati tomonidan tayyorlangan biletlar asosida uchta shart bo‘yicha javob beradilar. Har bir ishtirokchi uchta shart bo‘yicha bir vaqtning o‘zida javob beradi.

VI.Tanlovni moliyalashtirish va g‘oliblarni taqdirlash

6.1. Tanlovning saralash bosqichi diniy ta’lim muassasalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mahalliy Kengashlari mablag‘lari hamda homiylar tomonidan moliyalashtiriladi.

6.2. Tanlovning saralash bosqichida 1,2,3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Qolgan ishtirokchilar Faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

6.3. Tanlovning respublika bosqichi O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hamda homiylar tomonidan moliyalashtiriladi.

6.4. Tanlovning respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan ishtirokchi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ta’sis etilgan yangi Hadis ilmi maktabiga tanlovsiz o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

6.5. Tanlovning respublika bosqichida 2,3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan maxsus diplom, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hamda homiylar tomonidan taqdim etilgan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Qolgan ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

VII. Yakuniy qoidalar

7.1. Mazkur Nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish ushbu nizomni tasdiqlagan va qarorni qabul qilgan tashkilotlar bilan kelishgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.