Chimyon o’quv amaliyot va sog’lomlashtirish maskani

Institutning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Chimyon” o‘quv amaliyot va sog‘lomlashtrish maskani  mavjud. U dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, poytaxtdan 120 km uzoqlikda joylashgan. U o‘zining go‘zal tabiati, purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgani bilan ajralib turadi.

O‘quv amaliyot maskani 1970 yillardan faoliyat olib boradi. Mazkur maskan institut talabalarining dorivor o‘simliklarni o‘rganishida katta tabiiy manbadir. Talabalar botanika va farmakognoziya fanlaridan olgan nazariy bilimlarini professor-o‘qituvchilar boshchiligida amaliyotga tadbiq etadilar. “CHimyon” o‘quv amaliyot va sog‘lomlashtirish maskanida shuningdek, har yili 200 ga yaqin o‘qituvchi va xodimlar  oilalari bilan o‘z sog‘liqlarini tiklab qaytadilar. Sog‘lomlashtirish maskanida 2014-2015 yillarda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Mavjud binolar ta’mirlanib, 1-binoda zamonaviy yuvinish xonasi, oshxona hamda hojatxonalar qurilib foydalanishga topshirildi. Barcha yashash binolari va vagonlar suv va elektr energiyasi bilan ta’minlandi, vagonlarning oldida kichik ayvonchalar joylashtirilib, atroflari obodonlashtirildi. Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sport maydonchasi tashkil etildi. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 100 tup olma, 100 tup  yong‘oq va 100 tup manzarali ko‘chatlar ekildi.

Bo‘lajak farmasevtni tayyorlashda o‘quv amaliyoti katta axamiyat kasb etadi. Farmakognoziya va botanika fanlaridan o‘quv amaliyotlari institutning Chimyon o‘quv amaliyoti bazasida, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘simlik va hayvonot olami genofondi  botanika  bog‘ida hamda institutning dorivor o‘simliklarni o‘stirish tajriba uchastkasida olib boriladi.

“Chimyon” o‘quv-amaliyot bazasida talabalar dorivor o‘simliklarni yig‘ish, quritish, xomashyo tayyorlash kabi jarayonlarni o‘rganadilar va yig‘ilgan xomashyoni institut laboratoriyalarida qayta ishlab, dori vositalarining ta’sir etuvchi moddalarini ajratib olish, ulardan turli dori shakllari yaratish kabi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradilar. Shu bilan birga, talabalarimizni yozgi amaliyotini Rossiya, Kirg‘iziston, Kozog‘iston davlatlarida o‘tash uchun sharoitlar yaratilgan.

 

20.10.2018, 15:21 15900