“YUKSALISH” UMUMMILLIY HARAKATI

29.08.2020, 16:12 Yangiliklar 1698

TASHABBUS, HAMJIHATLIK, TARAQQIYOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekistonda “Yuksalish” umummilliy harakati tashkil etildi. 2019-yilning 25-yanvar kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Xalq va biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning sa’y-harakatlari va kuchlarini safarbar etish Harakatning asosiy vazifalari hisoblanadi.

“Yuksalish” umummilliy harakati islohotlarning amalga oshirilishi jarayonini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilishda faol ishtirok etish, shuningdek Parlament, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot va takliflarni muntazam ravishda kiritib borish vakolatiga ega.

Harakat mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish va ilgari surish, hususan bunday jarayonlarga ishbilarmonlar, biznes va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va keng jamoatchilikni jalb etish hamda ular ishtirokida tadqiqotlar, muzokaralar, munozaralar, teledebatlar o‘tkazish, mavjud masala va muammolarni muhokama qilish, ularning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiquvchi o‘ziga xos maydon vazifasini bajaradi.

“Yuksalish” umummilliy harakatining Markaziy apparati Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida o‘z bo‘linmalariga ega.

Rasmiy veb sayt – https://www.yumh.uz/

“Yuksalish” umummilliy harakati Oʻzbekiston taraqqiyotiga befarq boʻlmagan barcha fuqarolar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, biznes hamjamiyati, akademik doira vakillarini amalga oshirilayotgan islohotlar atrofida ixtiyoriylik asosida birlashtirish maqsadida taʼsis etildi.