“Sog‘lom turmush tarzi baxtli kelajak omilidir”
Mamlakatimizda inson salomatligi jamiyat farovonligini, kelajagini belgilashini inobatga olgan holda tibbiy xizmat sifatini oshirish, jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning keng tarmog‘i yaratilgani tufayli aholi, eng avvalo, onalar va bolalarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengaydi. Shuningdek sog‘lom turmush tarzining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tibbiy madaniyatni oshirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi faoliyat qamrovi tobora kengaymoqda. Mazkur mavzuda ko‘plab tadbirlar ham tashkil etilmoqda.
Jumladan 2019 yil 3 aprel kuni soat 14.00 da Toshkent farmatsevtika institutining kichik faollar zalida “Biz sog‘lom hayot tarzi tarafdorimiz” mavzusida ma’naviy ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni institut o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori Z.A.Yuldashev ochib berdi. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutaxassisi Moxira Holiqova “Oilada sog‘lom turmush tarzini amalga oshirish”, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Mirobod tumani kengashi sport salomatlik bo‘limi mas’ul xodimi Alimxonov Bobur Faxriddin o‘g‘li “Yoshlar – sog‘lom hayot tarzi tarafdori”, Imom Buhoriy nomidagi Toshkent Islom institute katta o’qituvchisi Toshpo’latov Abdurasul va Mirobod tumani prokuror yordamchisi Bo‘riev Islom Bo‘rievich “Talabalarni sog’lom turmush tarziga chorlash” kabi mavzularda ma’ruza o‘qidilar. Yig‘ilishda talabalar mutaxassislarga mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib tegishli javoblarni oldilar.
Tadbirdan shu xulosaga keldikki har bir inson bu dunyoda baxtli yashashni istaydi. Bunday orzuga erishishning bosh omili esa sihat-salomat bo‘lishdir. Sog‘lom insonda esa sog‘lom fikrlar, sog‘lom g‘oyalar tug‘iladi. Sog‘lom inson tom ma’noda jamiyat boyligidir.
Sog‘lom turmush tarzi baxtli kelajak omilidir.
Institut matbuot kotibi N.L.Usmanova