Sog‘liqni saqlash vazirligi: Epidemiologik holat barqaror, xavotirga o‘rin yo‘q
15.03.2019, 11:20
Yangiliklar 2215
So‘nggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda aholi o‘rtasida meningit kasalligi keng tarqalganligi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda. Ushbu holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joylardagi vaziyat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, 21 yoshli fuqaro meningit xastaligidan vafot etgan. Sababi esa tibbiy yordamga kech murojaat etganligi bilan bog‘liq. Bu kasallik mavsumiy bo‘lib, respublikada uchrab turadi va har yili 5 tadan 10 tagacha qayd etilishi mumkin. Joriy yilning o‘tgan davrida hammasi bo‘lib, 17 nafar fuqaro ushbu kasallikda gumon qilingan. Ularning 6 nafarida laboratoriya tekshiruvi orqali kasallik tasdiqlangan. Ayni paytda o‘tkir respirator kasalliklar ya’ni, faringit, nazofaringit kabi xastaliklarga chalingan fuqarolar orasida kasallikni erta aniqlash bo‘yicha tibbiyot xodimlarining hushyorligi oshirilgan. Olib borilgan sa’y-harakatlar tufayli ushbu holat Sog‘liqni saqlash vazirligining to‘liq nazorati ostida. Eng muhimi, meningit aholi o‘rtasida keng tarqalmagan, epidemik vaziyat barqaror. Aslida ushbu xastalikning erta bahor mavsumida uchrab turishi tabiiy jarayon bo‘lib, shu kunlarda aksariyat Yevropa va bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda bir necha yuzlab odamlarda ushbu kasallik qayd etilmoqda.
– Ma’lumki, ko‘pgina kasalliklar qish fasli tugab, bahor mavsumi kirib kelishi bilan avj oladi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi kasalliklarning mavsumiy ko‘tarilish davri ekanligini hisobga olgan holda, aholidan o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishini, meningit va shu kabi kasalliklar belgilari, ya’ni, tana haroratining ko‘tarilishi, kuchli bosh og‘rig‘i, qayt qilish, tomoqda achishish singari klinik belgilar kuzatilgan holatlarda darhol tibbiyot xodimlariga murojaat etishlarini so‘rab qoladi, – deydi vazirlik bosh epidemiologi, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Nurmat Atabekov. – Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, meningit xavfli kasallik emas. Agar u ilk bosqichlarda aniqlansa, ushbu xastalikdan oson forig‘ bo‘linadi. Shuning uchun aholining bundan xavotirga tushishiga hojat yo‘q.
Meningit xastaligi kuzatilganda, birinchi navbatda, qanday choralarni ko‘rishi kerak?
– Meningitning klinik belgilari kuzatilganda, avvalo, tezkorlik bilan shifokorga murojaat qilishi zarur. Aslo o‘zicha davolanishga harakat qilmasligi, o‘tib ketar deya befarq bo‘lmasligi lozim, – deydi Sog‘liqni saqlash bosh infeksionisti, Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musaboev. – Shifokor profilaktika maqsadida tavsiya etgan antibakterial dori vositalarini belgilangan miqdorda va o‘z vaqtida iste’mol qilishga qat’iy rioya etishi talab qilinadi. Imkon qadar statsionar sharoitda davolanish tavsiya etiladi. Yoki bo‘lmasa, bemorni shifokor tavsiyasi bilan alohida xonaga o‘tkazish, ishga, maktabga, umuman olganda, jamoat joylariga bormasligi, jamoat transportidan foydalanmasligi kerak. Bu choralar kasallikning sog‘lom odamga yuqishining oldini olishda juda muhim. Chunki, meningit bir odamdan boshqa odamga yuqqani sari kuchayib boradi. Shu bois imkon qadar yuqish ehtimoli bo‘lgan har bir holatning oldini olishga harakat qilishimiz talab etiladi. Yana bir muhim jihat, yashash joylarning havosini muntazam almashtirish, xonani tez-tez artib-tozalash meningit kasalligining oldini
olishda juda muhimdir.
Institut matbuot kotibi N.L.Usmanova