Sogʻliqni saqlash vazirligi: Vazirning xorijlik oʻrinbosari oʻz vazifasini bajarishga kirishdi

06.03.2019, 18:16 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2134

Oʻz vazifasini bajarishga kirishgan Dongvuk Lining vazirlik markaziy apparati va tasarrufdagi muassasalar rahbarlari bilan tanishuv uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Avval xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning qarori bilan Dongvuk Li Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, sogʻliqni saqlash sohasiga ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qoʻllab-quvvatlashga masʼul etib belgilangan edi.
Oʻz vazifasini bajarishga kirishgan Dongvuk Lining vazirlik markaziy apparati va tasarrufdagi muassasalar rahbarlari bilan tanishuv uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Qayd etish joizki, Dongvuk Li oʻz vatani – Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligida demografik siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etib, tibbiy xizmat narxlarini tartibga keltirish hamda sugʻurta tizimini takomillashtirishda koʻmaklashgan. Shifoxonalarni boshqarish va tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yuksaltirish, shuningdek, sogʻliqni saqlashning bemorga yoʻnaltirilgan yaxlit tizimi yaratilishida ham uning xizmati katta. Bundan tashqari, tibbiyot tizimi va resurslari bilan bogʻliq siyosat hamda integratsiya dasturini ishlab chiqish va takomillashtirishda yordam bergan.
Sohada mana shunday katta tajribaga ega Dongvuk Li mamlakatimiz uchun muhim yoʻnalish boʻlgan tibbiy sugʻurta sohasini Koreya Respublikasi tajribasini chuqur oʻrgangan holda tatbiq etish, eng muhimi, 2019 – 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash yoʻlida bor bilim va salohiyatini ishga solishini aytib oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, Dongvuk Li vazir oʻrinbosari sifatida xalqaro standartlar va JSST tavsiyalari asosida sohani kompleks huquqiy tartibga solish, majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etish, tizimni moliyalashtirish va tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini yurtimizda qoʻllash, investitsiyalarni jalb etishda qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash hamda “elektron sogʻliqni saqlash” tizimini keng tatbiq etishga masʼul hisoblanadi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Abduhakimov ishtirok etdi.
Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova