Ichimizdagi qo‘rquv jamiyatga qanday ta’sir o‘tkazadi?

06.03.2019, 17:33 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2090

Bolaligimda ukam onamning gapiga kirmasa, «ana, do‘xtir kelyapti, ukol qilib ketadi»​, «hozir uxlamasang olabo‘ji kelib, seni yeb ketadi»​ qabilida iboralar ishlatishini ko‘p eshitardim.

Ushbu holat o‘zbekcha «tarbiya»​ning an’anaviy, sinalgan va ta’sirchan usullaridan biri hisoblanadi. «Biz hammamiz qo‘rquv ostida tarbiyalanganmiz. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Farzand ota-onasidan hayiqib tursa, qing‘ir yo‘llarga kirmaydi, unda kattalarga hurmat hissi shakllanadi»​, deya fikrlovchilar, shu g‘oyaga ishonuvchilar ham bor.

Jamiyatda tarbiya va ta’lim uyg‘un tarzda olib boriladi. Uning uzilmas, bir-biriga bog‘liq zanjir sifatida talqin etilishi tarixi uzoq yillar davomida shakllangan qadriyatlarga borib taqaladi. Kamchilik va xatolar esa «sharqona tarbiya» dogmasi ortiga mohirona yashirib kelinmoqda. Afsuski, bugungi kunga kelib, butun jamiyat qo‘rquv kasalligiga duchor bo‘lganini tan olishga majburmiz. Nima uchun bunday xulosaga kelganimni turli mulohazalar orqali kengroq tushuntirishga harakat qilaman.

Ta’limdagi og‘riqli nuqtalar

Bog‘cha. Bolaning atrofni anglash borasidagi qarashlari shu dargohda mustahkamlanadi. Nima deb o‘ylaysiz: bu yerda mittivoylarning shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilganmi? Tarbiyachilar yetuk shaxsni yetishtirishga tayyormi? Savollarni bejiz bermayapman. OAV orqali MTM xodimi bolalarni uribpo‘pisa qilgani haqida tez-tez eshityapmiz, o‘qiyapmiz. Xo‘sh, sof tarbiya qanday bo‘lishi kerak? Bog‘chadayoq bolalalarga qo‘rquv urug‘ini ekish qanchalik foyda keltiradi? Maqsad itoatkorlikni yuzaga keltirishmi?

Maktabda ham qo‘rqitish mexanizmi qattiq ishlaydi, desak xato bo‘lmaydi. Dars qilib kelmagan o‘quvchining «chiroyli so‘zlar» bilan siylanishi oddiy misol bo‘la oladi. Ba’zi ustozlar jazoni butun sinf oldida qo‘llashni eng maqbul yo‘l deb bilishadi. Go‘yoki «ikkichi»​ni tartibga keltirish boshqa o‘quvchilarga ogohlantirish bo‘lib yangraydi. Ayrim o‘qituvchilar jismoniy og‘riq yetkazishni samarali usul deb qarashadi.

Hammaning oldida sharmanda bo‘lish ham bunga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Sinfdoshlari qarshisida yuzi shuvut bo‘lgan o‘quvchi keyingi safar vazifani bajarib kelishiga ishonchingiz komilmi, qadrli ustozlar? To‘g‘ri, u buni bajaradi. Lekin o‘z xohishi bilan emas, balki qayta gap eshitmaslik uchun.

Oliy ta’lim. Barchamizga ma’lumki, qo‘rquv bor joyda erkinlik bo‘lmaydi. Arzimas va primitiv qoidalar bilan bo‘g‘ilgan yoshlar qanday qilib o‘z so‘zini ayta oladi? Oliy ta’lim muassasasida talabalar safidan chiqarib yuborish ko‘rinishidagi qo‘rquv talabaga bosim o‘tkazishning samarali usuli. Turli vaj, ichki tartib qoida, o‘ylab topilgan bema’ni vazifalar bilan uning itoatkorligini kuchaytirish mumkin.

Kadr ishda o‘z o‘rnini topa oladimi?

Ish bozoriga kirib borgan mutaxassis ma’lum lavozimni egallaydi. Boshliqning xohish-irodasiga qarshi borish, oxir-oqibat ishdan mahrum bo‘lish esa o‘sha hikoyaning davomi.

Xodim va ish beruvchi o‘rtasida do‘stona munosabat o‘rniga, ishchilarni ko‘rqitib boshqarish afzal ko‘riladi. Jamiyat shunday holatga kelib qoldiki, fikrni har doim ham bemalol oshkora aytish mumkin emas. Chunki fikr erkinligini bildirishga qarshi qo‘rqitish mexanizmi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yoki ishdan, yoki halovatdan ajralib qolishdan cho‘chiymiz.

Kasbim taqozosi tufayli turli yosh, toifadagi insonlar bilan muloqot qilaman. Ulardan ma’lum mavzuda shaxsiy fikrlarini so‘rasam, rostini aytishdan qo‘rqishadi. To‘g‘riso‘zligi sabab muammolar girdobida qolishdan qo‘rqadi.

Jamoatchilik nazorati nega kuchsiz?

To‘liq shakllanib ulgurmagan jamoatchilik nazoratining zaifligiga sabab ham qo‘rqoqlikdir.

Jamiyatda qat’iy tartiblarni o‘rnatish maqsadida yuzaga kelgan ushbu tushunchani sotqinlik, deya noto‘g‘ri talqin qilmoqdamiz. Ma’lum korxona-tashkilot kamchiliklari «yuqori»​dagilar tomonidan tanqid ostiga olinsa, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga harakat qilinmaydi.

Aksincha, bu haqida kim xabardor etgani, nima maqsadda qilgani surishtiriladi. Bo‘lmagan maqsad esa o‘ylab topiladi, kerak bo‘lsa, jazolanadi. Buni ko‘rgan boshqa xodimlar og‘zini miq etib ocholmaydi. Natijada muammolar tashkilot eshigidan chiqmay, ichki tizimni yemirishda davom etadi.

Ekspertlar qo‘rqoqlik haqida nima deyishadi?

Sotsiolog Zavqiddin Gadoyev:

«Bola tarbiyasi va o‘qitish tizimi – hammasi qo‘rqitish va kuch ishlatish ustiga qurilgan. Farzand uchun tanlash, qaror qabul qilish imkoniyati qoldirilmagan. Shu sababli ko‘pchilik o‘z yo‘lini mustaqil tanlolmaydi.

Xato qilmaslikka o‘rgatamiz, lekin ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga emas. Natijada yosh avlod xato qilish, tanlovni amalga oshirish, qaror qabul qilishdan qo‘rqadi.

Oddiy misol aytaman: piyolani sindirgan bolaga onaning munosabatiga bir e’tibor bering. Uni urishib beradi, kamsitadi, qo‘l ko‘tarishgacha boradi. Bularning bari miyada qo‘rquv kompleksini shakllantiradi. Jur’atsiz, qat’iyatsiz va shijoatsiz bola keyin nimayam qila oladi? Qilganda ham qayergacha bora oladi, deb o‘ylaysiz?

Yana bir misol: Tailandda hayvonot bog‘i xodimlari fil bolasi oyog‘iga zanjir bog‘lab qo‘yishar ekan. Jonivor tutqunlikka ko‘nikolmay qarshilik ko‘rsatadi. Uzoq urinishlardan so‘ng harakatlari samarasizligini anglab yetadi va taqdirga tan beradi. Ulg‘aygach oyog‘idagi ingichka arqonni zanjir, deb o‘ylab unga so‘zsiz bo‘ysunadi».

Neyropsixolog, professor Zarifboy Ibodullayevning fikricha, ommaviy tarzda udumga aylangan doimiy qo‘rqitishlar har qanday jamiyat uchun falokatli bo‘lishi mumkin.

«Misol uchun, bog‘chada tarbiyachining do‘q-po‘pisalari: ovqat bermayman, oynadan otib yuboraman, anavi burchakda kun bo‘yi turasan kabilar har safar bolaning ko‘ziga qarab aytilaversa, u hatto 40 yoshga to‘lganda ham yerga qarab gapiradigan bo‘ladi.

Maktabda ham qo‘rqitishlar davom etadi. «Ikkichi»larni kamsitish, bolalarga ota-onasi mavqeyidan kelib chiqib munosabat qilishlar o‘smirdagi ishtiyoqni so‘ndirib, u o‘ta qo‘rqoq va tajang bo‘lib voyaga yetishiga olib keladi», — deydi u.

​Psixolog Meliyeva Muattar:

«Qo‘rquv paydo bo‘lishiga insonning o‘ziga nisbatan ishonchi kamligi yoki o‘ziga qo‘yilgan talabning haddan ortiq ko‘pligi sabab bo‘lishi mumkin.

Qanday qilib undan xalos bo‘lish mumkin? Diqqatimizni o‘zimizda mavjud qo‘rquvga qaratmaslikka harakat qilishimiz kerak. Qo‘rquv borligini tan ololsak undan ham yaxshi.

Butun hayotimiz xato va tajribadan iborat. Inson qilgan xatosidan saboq olishi lozim. Hayot darslarini to‘g‘ri qabul qilish xato qilishdan qo‘rqishning oldini oladi. Agar siz qo‘rqishni xohlamasangiz, hech kim sizni qo‘rqitolmaydi»​.

Ko‘rinib turibdiki, jamiyatda aksariyat muammolarning asosini qo‘rquv tashkil etadi. Ichimizdagi qo‘rquvni yo‘qotishning samarali usullaridan biri jamiyatdagi yangilik va o‘zgarishlarni to‘g‘ri qabul qila olishdir, aynan jamiyaga daxldorlikni his etishdir.

Kun.uz    Muhabbat Ma’mirova

Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova