“Giyohvandlik asr vabosi” mavzusida ochiq muloqot o’tqazildi

29.11.2018, 15:21 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2597

Asrimiz vabosi sifatida tez sur’atlar bilan tarqalib borayotgan  giyohvandlik  balosining  jismoniy va ma’naviy zararlari to‘g‘risida dunyo ommaviy axborot vositalari orqali ko‘pdan-ko‘p ma’lumotlar  berildi, uni bartaraf etishga bag‘ishlab ko‘p mamlakatlarda, O‘zbekistonda ham qator xalqaro anjumanlar o‘tkazildi, giyohvandlikka qarshi chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida ko‘plab mahalliy va xalqaro tashkilotlar ta’sis etildi. Lekin, afsuski, bu balo va ofat manbai hanuz ortga chekinmayapti. Giyohvandlikning zararlari behisob. U yetkazadigan zararlar inson jismini qanchalik xarob qilsa, xuddi shuningdek, shaxs va jamiyatning mol-mulkiga va boyligiga ham mislsiz zarar yetkazadi; tinch-totuv oilalarni buzib, bolalarni yetim qiladi, qashshoqlik, muhtojlikda yashashga majbur etadi. Oxir-oqibat kasallik, qamoqxona yoki o‘lim bilan yakunlanadi. Dunyoda giyohvand moddalarini insonlar iste’mol qilayotgani, ko‘plab yosh avlod uning qurboni bo‘layotgani va undan moddiy daromad orttirish maqsadida tijorat qilinayotgani o‘ta achinarli holdir. Demak, giyohvandlikka qarshi kurash hammamizning burchimizdir. Bu qabih ishni bilgach, o‘zini oilasini, yaqinlarini butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir kishi giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lmog‘i zarur. Shu maqsadda yurtimizdagi barcha Oliy ta’lim muassasalarida ushbu mavzuda tadbirlar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda. Jumladan 2018 yil 28 noyabr kuni  soat  16-00 da Toshkent farmasevtika institututida “Giyohvandlik asr vabosi” mavzusida 1-kurs sanoat farmatsiyasi fakulteti  talabalari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Mazkur yig‘ilishda institutning ma’naviy-ma’rifiy ishlar  bo‘yicha prorektori  O.I.Hudoyberdiev  talabalarga mavzuga oid tushunchalar berdi.

     

     

 

 

Institut matbuot kotibi  N.L.Usmanova