“Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”

20.04.2018, 14:32 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2388

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi «Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3655-son qarori qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli hamda izchil ishlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ustuvor vazifalari bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy va soha tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qodir bo‘lgan yangi, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan. PQ-3655-son qarori 2018-yil 1-sentyabrdan kuchga kirishi belgilangan.

Hozirgi kunda respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi ilmiy hamda ilmiy-pedagogik kadrlarning salohiyati past darajada qolib ketmoqda. Ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedogogik kadrlarning mazkur jarayonlardagi ulushi tinimsiz pasayib borayapti. Ko‘p hollarda bu vaziyat ilmiy xodimlar va professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy unvon yoki ilmiy darajalar olishga bo‘lgan urinishi so‘nggi yillar davomida moddiy manfaatdorlik oqibatida pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda, chunki stajyorlar (ilmiy unvon va darajasiz) bilan professor – bosh ilmiy xodimlar (ilmiy unvon yoki darajaga ega) o‘rtasidagi farq 50 foizdan ortmagan holda saqlanib qolinmoqda. Mazkur qaror ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarining moddiy manfaatdorligini tubdan oshirish, shu jumladan, lavozimlar, ilmiy unvon va darajalar o‘rtasidagi tabaqalashuvni takomillashtirishni ko‘zda tutadi. Bu esa ilm-fan rivojida sog‘lom raqobatni vujudga keltirishi shubhasiz.

Mazkur qaror 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab 81 ta oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va 136 ta ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tarkibining barcha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari sezilarli oshirilishini nazarda tutadi. Hozirgi kunda hammasi bo‘lib 38 mingdan ortiq oliy ta’lim muassasalari (28,1 ming odam) va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari (8,0 ming odam), shuningdek 1,9 ming doktorantlar tizimda faoliyat olib boradilar.

Bazaviy lavozim maoshlari tabaqalashtirilgan holda oshirilib, birinchi o‘rinda ilmiy unvon yoki darajaga ega bo‘lgan xodimlarga tatbiq etiladi. O‘rtacha hisobda bazaviy lavozim maoshlari 25 foizga oshiriladi (stajyorlarga 5 foizdan, oliy ta’lim muassasalari professorlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining bosh ilmiy xodimlariga 38 foizgacha). Tabaqalashtirilgan bazaviy lavozim maoshlari oshirilishini nazarda tutgan holda egallab turgan lavozimidan, ilmiy unvon yoki darajasi borligidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda stajyor bilan professor o‘rtasida bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 100 foizga, yoki ikki baravariga oshirilishi ko‘zda tutiladi. Mazkur qaror bilan fan doktori ilmiy darajasi bo‘lgan professorlar mehnat haqi miqdori 38-44 foizga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab bazaviy doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar; doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan etakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar to‘lanadi.

Taklif qilinayotgan chora-tadbirlar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari o‘z bilimlari va kasbiy ko‘nikmalarini, doimiy ravishda oshirib borishlari, ilmiy faoliyatlarini olib borishlari uchun rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqildi.

Qabul qilingan qaror respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash yo‘li orqali ta’lim sifatini va ilmiy faoliyatni oshirish masalalarini hal etish, oliy ta’lim muassasalari va akademik ilm-fanini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iste’dodli yosh olimlar va talabalarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilishga yordam beradi.

Ijtimoiy fanlar kafedrasi

katta o‘qituvchisi N.Salimsakova