KELAJAKNI BIRGA QURAMIZ!

16.04.2018, 19:28 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2593

Aziz talabalar, qalbi ilmga tashna farzandlarimiz!

Aytingchi, dunyodagi qaysi fanni yuzaga kelishiga, tamal toshini qo‘yishiga hamda uning rivojlanishiga o‘zbek ajdodlarimiz hissa qo‘shmagan deysiz? Fahr bilan aytishimiz mumkunki, birorta fan yo‘qki bizning ajdodlarimiz asos solmagan bo‘lsa (fizika, kimyo, algebra, astronomiya, she’riyat, xadis ilmi, tibbiyot, tabobat, geografiya) va bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Demak, bizning tomirlarimizda shunday buyuk allomalarning qonlari oqmoqda va bundan faxrlansak arziydi.

Muhtaram Prezidentimiz SH.Mirziyoyev tashabbusi bilan davlatimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan amaliy ishlariga bir nazar tashlar ekanmiz, ulardagi fidoiylikni, o‘z xalqining farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdagi tashabbuskorligi, barcha sohalarning rivojlanishi, dunyo miqyosida O‘zbekiston deb atalmish jannatmonand yurt vakillari ham hech kimdan kam bo‘lmagan holda o‘z strategik tamoyiliga ega ekanligi va bu yo‘ldagi shijoatini e’tirof etish mumkin. Yurtboshimiz tashabbusi bilan barcha sohalarning rivojlanishi, tarqqiy etishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, qaysi soha qoldiki, ijobiy islohotlarga yo‘l ochilmagan bo‘lsa:

Respublikamizda oqsab qolgan iqtisodiy tizimni qayta harakatga keltirgan shu bizning Prezidentimiz emasmi?

Dunyoda tinchlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan butunjahon siyosatini yanada kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflarni kiritgan bizning Prezidentimiz emasmi?

Birlashgan millatlar tashkilotida birinchi marta musulmon ahlini turli fitnalardan himoya qilgan, islomning sof ma’nosini butun jahonga yetkazgan bizning Yurtboshimiz emasmi?

Osiyo xalqlarini birlashtirib, qarindosh-urug‘chilik rishtalarini qayta tiklayotgan, chegaralarimizni qo‘rqmasdan ochib, ota-onalarni farzandlari,  opa-singil, aka-ukalarini bir birlari bilan quchok ochib, diydorlashishiga imkon yaratgan bizning Prezidentimiz emasmi?

Butun dunyo ahlini hayratda qoldirib, o‘zining har tomonlama mustahkam strategiyasini samarali mehnati bilan tasdiqlayotgan, el-yurt farovonligini barcha narsadan ustun tutayotgan bizning Prezidentimiz emasmi? Bunday qahramonlik, fidokorlik, tashabbuskorlik bilan bajarilayotgan ishlarni sanab tugatolmaymiz.

Endi aytingchi, biz bunday ishlarga qanday javob qilyapmiz? Keling xolisona haqiqatni gapiramiz–bizga berilgan bilim olish imkoniyatlaridan qay darajada foydalanmokdamiz, ota-onalarimizning bizga bergan mehriga qay darajada javob bermokdamiz, shunday tinchlik zamonni bizga tuhfa etayotgan, “Kelajagimiz sizlarning ko‘lingizda”, – deb siz yoshlarga katta ishonch bildirayotgan muhtaram Prezidentimizning ishonchlarini qay darajada oqlamokdamiz?

Vatanimiz ravnaqi uchun bizlardan faqat bilimli, o‘z kasbining haqiqiy egasi, o‘qish va ish jarayonida ulkan innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq qila oladigan mutaxassislar, olimlar yetishib chiqishiga katta ishonch bilan qaragan Prezidentimizning sa’iy-harakatlariga qay darajada javob bermoqdamiz?

Shunday buyuk allomalarni yetishtirgan buyuk yurtimizga nima uchun ommaviy madaniyatni olib kirmoqdamiz? Bizga berilgan buyuk ne’mat-vaqtdan qay darajada unumli foydalanmoqdamiz?

Sizlar, aqlli, idrokli farzandlarimizsiz, bu savollarga to‘g‘ri javob topib, o‘zlaringizga kerakli ijobiy xulosalar chiqarib olasizlar deb ishonaman. Milliy ma’naviyat, madaniy me’ros va umuminsoniy qadriyatlarimizni qattiq hurmat va himoya qilgan holda, Sizlarda yuksak vatanparvarlik, fidoiylik tuyg‘usini va mehnatsevarlik fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obro‘si, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladigan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, namuna ko‘rsata oladigan yoshlar ekanligingizga hech qanday shubha yo’q!

“Ilm martabasi martabalarning zo‘ridir” degan gap shubhasiz to‘g‘ridir.  Qaysi yerda ilm ma’rifat kuchli bo‘lsa, o‘sha yer baxt va ma’naviyat maskani hisoblanadi. Go‘zal hulq bilan payvasta bo‘lgan ilm odamlarni baxtiyor qiladi, martabasini ulug‘ qiladi. Ilmdan maqsad esa ko‘rkam va ezgu ishlarni amalga oshirishdir. Bu yo‘lda tinimsiz izlanishda, harakatda bo‘lgan yoshlar shubhasiz ko‘zlagan maqsadlariga erishajak.

Ertangi kunimiz, kelajagimiz sizlarda – ishonchli qo‘llarda. Faqat olg‘a bosamiz! Barchangizga biz kutayotgan inson, mutaxassis bo‘lib kamol topishlaringizda Siz azizlarga kuchli iroda, sabr va matonat tilagan holda, ilmning etagini tutganlar hamisha el e’tirofi-yu, e’zozida bo‘lishini yana bir bor yodga tushirmoqchimiz. Bu yo‘lda niyatlaringiz ijobat bo‘lishligini  YARATGANdan so‘rab qolamiz! Parvozingiz orzuyingiz qadar yuksak bo‘lsin.