Taniqli farmatsevt olim hayotdan koʼz yumdi

06.05.2020, 21:16 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2031

Innovtsion rivojlanish vazirligi jamoasi vazirlik huzuridagi “Farmakologiya va farmatsevtika fanlari” boʼyicha Ilmiy-texnik kengash aʼzosi, А.Sultonov nomli Oʼzbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari, kimyo fanlari doktori, professor Аzizov Umarxon Muxtorovich olamdan oʼtgani munosabati bilan chuqur taʼziya bildiradi. Umarxon Muxtorovichning yaqinlariga, hamkasblariga hamdardlik izhor etamiz.

Umarxon Аzizov mustaqillik yillarida farmatsevtika fani va sanoatini rivojiga hamda aholini yangi oʼzimizda yaratilgan mahalliy arzon dori-darmonlar bilan taʼminlashga salmoqli hissa qoʼshgan taniqli olimdir.
Institut ilmiy faoliyatini yoʼlga qoʼyish, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, zamonaviy mahalliy dori vositalarini yaratish va amaliyotga joriy qilishda yuksak kasb mahorati va tashabbuskorligini namoyon etgan. Uning ishtiroki va rahbarligida 2016-2018 yillarda OʼzKFITIda 3 ta yangi dori vositalari yaratildi va amaliyotga tatbiq etildi.
Dori vositalari uchun 3 yilda 13 ta vaqtinchalik farmokopeya maqolalari 11 ta laboratoriya, 16 ta tajriba va sanoat ishlab chiqarish reglamentlari yaratilgan.
U tomonidan yaratilgan yalligʼlanish jarayonlariga qarshi ginekologik, revmatologik xastaliklarni davolashda ishlatiladigan “fensulkal”, “benzketazon”, balgʼam koʼchiruvchi, mahalliy baxmalgul ildizi quruq ekstrakti asosida olingan “alьtseum”, “glitsirozin” preparatlarni, yurak qon-tomir faoliyatini yaxshilovchi “Sharq tabibi” shifobaxsh balьzami, tinchlantiruvchi “Fitopassit” qiyomini ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 8 oktyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining oziq-ovqat taʼminotini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 467-qarorini bajarish borasida U.Аzizov rahbarligida yurak qon-tomir faoliyatini yaxshilovchi“Sharq tabibi”balьzami kontsentratini olish texnologiyasi yaratilib, ishlab chiqarishga joriy qilindi va 2005 yildan boshlab barcha harbiy xizmatchilar ushbu kontsentrat bilan kerakli miqdorda taʼminlanmoqda.
U.Аzizov respublika xalq xoʼjaligi uchun yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy kadrlar hamda barkamol avlodni tayyorlashda faol ishtiroketmoqda. U qator yillar davomida Toshkent farmatsevtika va Toshkent kimyo-texnologiya institutlarida Davlat imtihon komissiyalariga raislik qildi, uning rahbarligida 4 nafar fan doktori va 10 nafar fan nomzodlari tayyorlandi. U 350 dan ortiq ilmiy maqolalar, 46 ta ixtirolar, 30 dan ortiq mʼyoriytexnik hujjatlar muallifi.
U.Аzizov yuqori malakali olim, tajribali rahbar, yoshlar murabbiyi sifatida barchaga namuna, mehnat jamoasi va aholi oʼrtasida hurmatga sazovor boʼlgan.

 

Institut matbuot kotibi N.L.Usmanova