O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim hamda rektorlar kengashining murojaati

10.04.2020, 16:13 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2071

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim hamda rektorlar kengashining murojaati

Hurmatli vatandoshlar!

Hozirgi kunda butun dunyoning diqqat-e’tibori Covid-19 koronavirus pandemiyasiga qaratilgan bo‘lib, jahon ilm-fani ahli  ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va to‘xtatish, insoniy talofatni keskin kamaytirish va bu xatarni ildizi bilan quritish uchun bor intellektual salohiyatini safarbar etmoqda.

Bugun O‘zbekiston hukumati muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyov boshchiligida bu yuqumli xastalikning aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish, ona xalqimizni bunday og‘ir sinovdan sog‘-omon olib o‘tish uchun barcha zarur va keskin choralarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbarining qat’iy pozitsiyasi, xalqsevar siyosati qabul qilayotgan oqilona Farmon va qarorlari pandemiyani jilovlash va uning salbiy ta’sirini yumshatishga kuchli zamin yaratmoqda.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elatlarni yanada jipslashtirish, eng muhimi, ularning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida olamshumul ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir O‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz”, degan so‘zlari barchamiz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Buning birdan bir amalga oshirish yo‘li – Prezident g‘oyalariga sadoqat bilan yondashish va ularning atrofida jipslashish hamda ko‘rsatma va tavsiyalariga binoan ish tutish yorug‘ kunlar va porloq kelajak sari ishonchli yo‘ldir.

 Koronavirus pandemiyasining ta’sirini kamaytirish bo‘yicha oliy ta’lim tizimida ham muhim qadamlar tashlandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalarida bu xalokatli ofat bilan kurashish bo‘yicha barcha zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 Muhtaram ilm ahli, hurmatli ziyolilar!

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, buyuk adibimiz Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning “Jahon tarixida misli ko‘rilmagan mo‘jizalar yaratgan ulug‘ xalq har ishga qodir”, degan fikrlari o‘zbek xalqiga berilgan munosib bahodir.

El-yurt boshiga og‘ir ish tushganda safning oldida turish, fidoyilik va jasorat ko‘rsatishdek sharafli vazifa hamisha sizu bizning, olimlar va o‘qituvchi-domlalar, ilm ahli va ziyolilar zimmasidadir.

Biz bugungi mas’uliyatli sinov kunlarida ma’naviy birligimiz, mustahkam hayotiy e’tiqodimiz bilan barchaga ibrat bo‘lishimiz, namuna ko‘rsatishimiz zarur bo‘ladi.

Yuzaga kelgan vaziyat o‘quv-tarbiya jarayonlarini masofaviy tarzda davom ettirishni taqozo etmoqda.

Bunday ta’lim usulini tashkil etishda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning o‘quv rejalari asosida joriy semestrdagi fanlarning dasturlariga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda oliy ta’limda o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha elektron ta’lim resurslari yaratildi va har bir oliy ta’lim muassasasining masofaviy o‘qitish platformasiga joylashtirildi.

Biz siz, hurmatli ustoz-murabbiylarni mavjud imkoniyatdan to‘g‘ri va samarali foydalangan holda:

– avvalo, Muhtaram Prezidentimizning murojaatlarining mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish va hayotga joriy etishda ibrat ko‘rsatishga;

– yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus pandemiyasini bartaraf etish yo‘lida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlash va kasallik tarqalishining oldini olishda hukumatimizga yaqindan yordam berishga;

– onlayn darslarni tashkil qilishda faol ishtirok etishga, xususan, fanlar bo‘yicha videoma’ruzalarni, seminar hamda amaliy mashg‘ulotlarning taqdimotlarini tayyorlab, tegishli saytlarga joylashtirishda faol bo‘lishga;

– mashg‘ulotlarning mazumni, sifati va uning hayotiyligini yuqori darajada ta’minlashga;

 – talaba-yoshlarning darslarga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish va ularning faolligini oshirishga;

– mobil aloqa, internet orqali yoshlar qalbida o‘z kasbiga, madaniyat, san’at va adabiyotga bo‘lgan munosabatni yangi bosqichga ko‘tarishga;

– uyda qolib, ushbu kasallikka qarshi kurashish va uning hayotimizga salbiy ta’sirini kamaytirish yo‘lidagi ezgu ishlarni elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali mahalla va jamoatchilikka keng targ‘ib qilishga da’vat etamiz.

Qadrli talabalar, aziz yoshlar!

Sizlarning barchangiz bizning ishongan tog‘imiz, millatimiz kelajagi, yangi O‘zbekistonning bo‘lajak bunyodkorisiz.

Koronavirus tufayli mamlakatimizda yuzaga kelgan bu tashvishli holat Siz, aziz farzandlarimizning sifatli bilim olishingizga xalaqit bermasligi uchun  mamlakatimiz rahbaridan tortib davlat idoralarining xodimlarigacha, rektorlardan tortib ustoz-murabbiylargacha – barcha-barcha Sizlarning shu kunlardagi faoliyatingiz haqida, uni mazmunli tashkil etish borasida qayg‘urmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning Sizlarga alohida e’tibor qaratib:

“Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”, degan so‘zlari barcha yoshlar uchun kundalik hayot tarziga aylanishi zarur.

Faqat astoydil oldinga maqsad qo‘yish, sabr-toqat va mustahkam iroda bilan oldjinga intilish zarur. Insoniyat va taraqqiyotning eng katta dushmani bo‘lmish bekorchilik, beparvolik va loqaydlik kabi illatlar, aslida, koronavirus infeksiyasidan ham xavflidir.

Sizning mana shu ko‘rinmas baloga qarshi kurashishda eng katta yordamingiz, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ko‘chaga chiqmasdan uyda qolish, bo‘sh o‘tirmaslik, ilmiy va badiiy asarlarni mutolaa qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishda davom etishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.

Aziz talabalar!

Internetda, xususan, o‘zingiz tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasining saytida berilayotgan onlayn darslarga qunt bilan qatnashing!

Eng og‘ir sinov paytlarida Sizga hamisha ko‘makka keladigan, o‘zingiz yoqtirgan mumtoz va jahon adabiyoti durdonalaridan, go‘zal va betakror kuy-qo‘shiqlardan bahramand bo‘lishda davom eting!

Karantin bilan bog‘liq tartiblarga, shaxsiy gigiena qoidalariga, jismonan sog‘lom bo‘lishga alohida e’tibor qaratib, tozalikka, pokizalikka rioya qiling!

Shu bilan birga, ota-onangizning, mo‘tabar keksalarimizning hikmatlaridan, oltinga teng pandu nasixatlaridan iloji boricha ko‘proq bahramand bo‘lishga harakat qiling!

Internet tarmog‘i orqali atrofingizdagi maktab o‘quvchilari va barcha yoshlar bilan muloqotda bo‘lib, ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boring!

Bugun O‘zbekiston xalqi o‘zining yuksak ongi, madaniy saviyasi, qat’iy irodasi va sabr-bardoshini butun dunyoga namoyish etmoqda.

Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, muhtaram Prezidentimiz atrofida sobit turib, yagona maqsad yo‘lida hamjihat bo‘lsak, bu xatarli ofat mustahkam qo‘rg‘onimizga aslo o‘tolmaydi.

Ishoning, Allohning irodasi, xalqimizning ishonchu matonati, vatandoshlarimizning mehr-oqibati va ahilligi bilan yorug‘ kunlar albatta keladi!

Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda buyuk O‘zbekistonga aylantiramiz!

Respublika Oliy ta’lim kengashi va Oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi