Toshkent farmatsevtika instituti rektorining yangi yil tabrigi

30.12.2019, 12:00 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2506

Toshkent farmatsevtika institutining  hurmatli ahil jamoasi!

Vaqt inson umri demakdir. Shunday ekan, har bir lahzamizni foydali ilm va savobli amallar bilan o‘tkazishimiz kerak. Yakuniga yetib borayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida bosib o‘tgan yo‘limizni va ro‘y bergan voqealarni, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni shukronalik bilan ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazamiz. Shubhasiz, 2019-yil biz uchun samarali va hosiyatli yil bo‘ldi, deb ayta olamiz.

  Ma’lumki  2019-yil mobaynida instituimiz hayotida ko‘plab o‘zgarishlar, rekonstruksiya ishlari  amalga oshirildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunga muhtaram Prezidentimizning “Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir” degan so‘zlarini misol qilishimiz mumkin. Shunday ekan hurmatli institutimizning barcha xodimlari, talabalari sizlardan umidimiz katta.

Yangi yil bayrami yurtimizga o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki ruh ila kirib keladi. Fursatdan foydalanib, barchangizni kirib kelayotgan yangi – 2020-yil bilan muborakbod etaman.

Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy quvonch, totuvlik, hamisha Ollohning nazarida bo‘lishingizni tilayman. Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi sharafli faoliyatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar hamroh bo‘lsin.
Yangi yil barchamizga qutlug‘  bo‘lsin azizlar!

 

Hurmat bilan,  Toshkent farmatsevtika

instituti rektori, professor I.I.Alimdjanov