Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan institut rektorining tabrigi

09.11.2019, 13:21 Institut yangiliklari, Yangiliklar 1945

Tibbiyot xodimlarining sharafli va mas’uliyatli mehnatini e’zozlash, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlar yaratish doimiy e’tiborda. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti  Islom Karimov tashabbusi bilan 2006 yil 12 sentabrda qabul qilingan tibbiyot xodimlari kunini belgilash to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi qonuni buning yorqin dalilidir. Mazkur qonunga muvofiq yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi shifokorlarning kasb bayrami sifatida nishonlanadi. Sog’liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan bunday muhim tadbirlar inson manfaatlarini muhofaza qilish, xalqimizni tibbiy-ijtimoiy himoyalash ko’lamini kengaytirish, aholi sog’ligini mustahkamlash, jamiyatimizda sog’lom turmush tarzini shakllantirishda muhim omil bo’layotir. Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga oid davlat dasturlarida belgilangan tadbirlarning izchil ijrosi natijasida xalqimizga tibbiy xizmat ko’rsatish ko’lami tobora kengaymoqda.

Tibbiyot xodimlarining bu boradagi sa’y-harakatlari jamiyatimizda sog’lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, inson manfaatlarini mustahkamlash va el salomatligini muhofazalashga xizmat qilayotir. Shu munosabat bilan yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlarini hamda institutimiz jamoasini bugungi bayram bilan muborakbod etaman. Ishlaringizga omad va zafarlar tilayman.

Xurmat bilan,

Toshkent farmatsevtika instituti rektori I.I.Alimdjanov