“Odam savdosi – millatga xiyonatdir”

29.07.2019, 15:37 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2119

Yigirma birinchi asr taraqqiyot asri bo‘lish bilan bir qatorda, ayrim jiddiy global muammolari bilan insoniyatni  xavotirga solayotgani sir emas. Ularni yuksak aql-idrok, aniq va chuqur o‘ylangan amaliy chora-tadbirlar, taklif va tashabbuslar orqali hal etish bugungi kunda jahon hamjamiyati oldida turgan eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.  Bugun dunyoda 45 million erkak, xotin-qiz va bola qul sifatida foydalanilmoqda. Negaki, insoniyat tarixidagi eng mudhish qullik tushunchasi o‘tgan asrda qolib ketgani yo‘q, u hamon turli shakl-shamoyilda davom etmoqda. Endi kimningdir qo‘liga kishan solib, yelkasiga qamchi bilan urish shart emas. Zamonaviy qullar zo‘ravonlik, qo‘rqitish va tahdidlar ostida uy xizmatchiligi, fohishaxonalik, og‘ir sharoitlarda kemalarda baliqchilik bilan shug‘ullanishga majbur qilinmoqda. 2003 yili BMT ishchi guruhi majburiy nikohni, traffiking (odam savdosi) va jinsiy ekspluatatsiyani qullikning zamonaviy shakllari deb tan olindi. Ushbu xavfli tahdidlarga javoban 2000 yil 15 noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 55-sessiyasi transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasini to‘ldiruvchi odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi protokolni qabul qildi. Ushbu hujjatlar xalqaro darajada davlatlarning odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha aniq majburiyatlarini belgilab beradi.

Hozirgi vaqtda odam savdosi o‘ta xavfli tus olgan bo‘lib, turli jinoyatlarning sodir etilishiga zamin hozirlaydi. Odam savdosining jinoiy bozori giyohvandlik vositalari va qurol-yarog‘ savdosidan keyin uchinchi o‘rinni egallayotgani uning nechog‘lik xavfli illat ekanligidan dalolatdir.  Shu bois Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha yurtimizdagi barcha Oliy ta’lim muassasalarida Toshkent farmasevtika institutida  targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. 30 iyul Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni munisabati bilan 2019 yil 29 iyul kuni Toshkent farmatsevtika institutda mavzu yuzasidan tadbir tashkil etildi. Tadbirni institut rektori Alimdjanov Ibrohim Inamovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi Axmedov Ahror O‘ktamjonovich “Odam savdosi – millatga xiyonatdir”, Toshkent shahar IIBB katta inspektori Razikov Murat Ismatullaevich “Ogoh bo‘ling – odam savdosi”, Toshkent farmatsevtika instituti monitoring va ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i, dotsent Cho‘lponov Komiljon Aminjonovich “Odam savdosi – davr muammosi”  mavzularida ma’ruza o‘qildilar. Tadbirda institut rahbarlari, bo‘lim boshliqlari hamda professor-o‘qituvchilarning ishtiroki ta’minlandi. Mazkur tadbirda OAV vakillaridan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali muhbiri  ham ishtirok etdi.

     

     

     

Institut  matbuot kotibi  N.L.Usmanova