“Ustoz saboqlari”

17.05.2019, 21:29 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2250

Dunyoda har qaysi kasb-hunarning o‘ziga xos o‘rni, ahamiyati va qadr-qimmati bor. Ammo ular orasida eng ulug‘ va sharaflisi, bu – o‘qituvchilik kasbidir. Chunki muallim har birimizga saboq beradi, aql-idrokimizni yuksaltiradi, hayot ilmini o‘rgatadi. Zahmatkash ustoz-murabbiylarning mehnati va tarbiyasi tufayli qalblarimiz poklanadi, dilimizda oliyjanob insoniy fazilatlar kamol topadi. Ustozni ulug‘ deb bilgan ma’rifatparvar xalqimiz muallim va murabbiy zotini hamisha ardoqlab, ularning mehnatini qadrlab keladi.

Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz ustozlikning yuksak maqomini shunday ajoyib so‘zlar bilan ta’riflaydi:

                                                                                

Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado aning haqin yuz ganj ila.

Haqiqatdan ham kishi  qalbiga ilm va ma’rifat nurlarini olib kirishda, hayotda munosib o‘rnini topishda  ustozlarimizning mehnatlari tahsinga loyiq. Ularning mehnatlarini hech bir narsa bilan baholab bo‘lmaydi. Mana shunday jonkuyar ustozlarimizdan biri toshkent farmasevtika instituti Farmasevtik kimyo kafedrasi dotsenti Saidvaliev Abdujalil Kuchkarovichdir. Ustoz 52 yildan buyon institutda talabalarga saboq berib kelmoqda. Institut talabalarini faxriy ustozlar bilan uchrashuvlarni tashkil etish bir an’anaga aylanib ulgurdi. Bugun ham mana shu an’anani davom ettirgan holda talabalar o‘rtasida “Ustoz saboqlari”, “Ilm insonni ezgulik sari yetaklar” mavzularida Farmasevtik kimyo kafedrasi dotsenti Saidvaliev Abdujalil Kuchkarovich ishtirokida tadbir tashkil etildi. Suhbat jarayonida ustoz amalga oshirlan ishlari, talabalarga berayotgan saboqlari, milliy urf-odatlarimizga sadoqatli vorislar bo‘lib kamolga yetishlari yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borildi.

Ustozlarimiz o‘gitlari bizni faqat ezgulik sari yetaklaydi. Ular so‘zida yoshlarni ona-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, qalblarida ezgulik nashidasi barhayot bo‘lishini, milliy qadriyatlarimizga, urf-odatlarimizga sadoqatli voris bo‘lib kamol topishga undaydi hamda ruhiy poklikka o‘rgatadi. Shu o‘rinda ustozimiz Abdujalil Saidvalievga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizni tark etmasin.

     

     

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi