Koreyalik investorlar O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantiradi

15.05.2019, 13:43 Institut yangiliklari, Yangiliklar 1972

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida tibbiyot va farmatsevtika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev ayni paytda Janubiy Koreyada tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berib o‘tdi.

Tashrifning dastlabki kunida O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasi Sanoat, savdo va energetika vaziri Song Yu Mo bilan uchrashdi. Muloqotda vaziri Song Yu Mo koreyalik investorlar O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidlab o‘tdi.

2018 yilda respublika hududlarida farmatsevtika tarmog‘ida umumiy qiymati 96,26 million AQSh dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirilgan holda 34 ta loyiha ishga tushirilib, 1501 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan esa joriy yil davomida farmatsevtika tarmog‘ida umumiy qiymati 216,5 million AQSh dollari qiymatidagi 20 ta loyiha amalga oshirilishi va natijada 2218 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgani diqqatga sazovor.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda 159 ta farmatsevtika korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ularning 90 tasi dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, 58 tasi tibbiyot buyumlari, 11 tasi esa tashxis uskunalari ishlab chiqaruvchi korxonalardir. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 35 farmakoterapiya guruhidan 26 guruhga kiritilgan prepatarlar ishlab chiqarilmoqda.

Manba: xabar.uz