“Tanlov g‘oliblarini muborakbod etamiz”

14.05.2019, 17:17 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2059

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 2019 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”ning 6-bandida belgilangan vazifalar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 13 martdagi 239-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida institutda 2019 yil 14 martda 207-sonli buyruq ishlab chiqildi va imzolandi.  Mazkur buyruqqa muvofiq institut talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzularidagi maqolalar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovning birinchi bosqichi fakultet akademik guruhlari talabalari o‘rtasida 2019 yil aprel oyining birinchi o‘n kunligida, ikkinchi bosqichi fakultetlararo g‘oliblar o‘rtasida 2019 yil aprel oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkazildi. Tanlov nizom talablariga muvofiq tarzda olib borildi va natijalar may oyining birinchi o‘n kunligida e’lon qilindi. Tanlovning asosiy maqsadi – talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ularni turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, institutda talaba-yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Tanlovning ikkinchi bosqichida eng sara ijodiy ishlar Hakamlar hay’ati tomonidan  tekshirildi va tanlovning mutloq g‘olibi “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusi bo‘yicha Sanoat farmatsiyasi fakulteti Metrologiya yo‘nalishi 3 kurs 301 B guruh talabasi Jalilova Umida Asqarali qizi hamda “Men diniy ekstremizm va  terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzusida Sanoat farmatsiyasi fakulteti Biotexnologiya yo‘nalishi 3 kurs 301 A guruh talabasi Axmatova Gulxayo Qarshiboy qizi deb topildi.

Tanlov g‘oliblarini institut rahbariyati nomidan chin dildan muborakbod etamiz. Bu kabi yoshlarimizning safi yanada kengayishini istab qolamiz.

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Nigora Ashurova