Ikki yil ichida oliy ta’lim tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

03.05.2019, 14:42 Institut yangiliklari, Yangiliklar 1902

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda 2018-2019 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

– Qaror ijrosi yuzasidan oliy ta’lim tizimida ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi, – deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov. – Ikki yil ichida 16 ta muassasada 10 ta xorijiy davlatning yetakchi OTMlari bilan hamkorlikda 33 ta ta’lim yo‘nalishi va 14 ta mutaxassislik bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Hududlarda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti hamda tayanch OTMlarning 8 ta filiali tashkil etildi.

Xalqaro standartlar darajasida kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida 11 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi va filiali tashkil etildi.

Tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va pedagogika sohalari bo‘yicha kadrlarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar uchun esa davlat grantlari asosida maqsadli qabul bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Ilk bor abiturientlardan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul kirish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirildi. Bu kabi yengilliklar nafaqat abiturientlar, balki keng jamoatchilikka ham manzur bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarning ko‘payishi, nafaqat insonlar salohiyati oshishida, balki jamiyat taraqqiyoti yuksalishida ham muhim ahamiyatga ega.

     

Institut matbuot kotibi N.L.Usmanova

Dilobar Mamatova, O‘zA