“Yosh farmatsevtlar” jamoasining “Teatr studiyasi”  festivalidagi ishtiroki

10.04.2019, 18:06 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2173

  Biz hayotimiz mazmuni bo‘lgan sevgi va sadoqat, mehr-muhabbat, nazokat va latofat kabi eng nozik, sirli tuyg‘ularni Yaratganimizning beqiyos mo‘jizasi bo‘lmish ayol zotisiz aslo tasavvur etolmaymiz. Ayol deganda, ko‘z o‘ngimizda avvalo oq sut berib, barchamizni o‘z bag‘rida asrab-avaylab voyaga yetkazadigan, butun hayotini farzandiga baxshida etadigan dunyodagi eng muqaddas zot — Ona siymosi namoyon bo‘ladi. Mehribon va mushfiq onalarimizning ana shunday buyuk xizmatini so‘z mulkining sultoni, ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning «Jismni qil sadqa ano boshiga» degan hikmatli so‘zlaridan o‘tkazib ifoda etishning o‘zi qiyin. Bugungi kunda hayotimizning qaysi soha va yo‘nalishini olmaylik — bu davlat va jamiyat qurilishi yoki ishlab chiqarish tarmoqlari bo‘ladimi, fermerlik va tadbirkorlik, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, fan va madaniyat, san’at bo‘ladimi — ularning rivoji va samarasini oshirishda, yurtimizda hech kimdan kam bo‘lmaydigan demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishda, xalqaro maydonda davlatimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishda opa-singillarimizning katta hissa qo‘shayotgani haqida ko‘p gapirish mumkin. Ona-siymosiga  qancha ta’rif bersak ham oz. Mavzuni onajonlarimiz haqida boshlaganimiz ham bejizga emas.   2019-yilning

10-aprel kuni Toshkent farmatsevtika instituti “Yosh farmatsevtlar” jamoasi “Teatr studiyasi” festivalida ishtirok etib unda “Ona” mavzusida sahna ko‘rinishini namoyon etdilar. Mazkur festival O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019-yil 19-yanvardagi 87-04-107-sonli xati ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 10 aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tkazildi. Unda Toshkent Davlat stomatologiya instituti, Toshkent Davlat irrigatsiya va melioratsiya instituti, Toshkent Davlat avtomobil yo‘llari instituti,

Toshkent Davlat san’at va madaniyat hamda Toshkent farmatsevtika instituti  talabalarining ishtiroki ta’minlandi. Toshkent farmasevtika instituti talabalari ishtirokidagi chiqishda sanoat farmatsiyasi fakulteti 3- kurs talabasi Jalilova  Umida kirish qismini ochib berdi va “Ona muqaddasdir” mavzusidagi sheriy sahnani tomoshabinlarga namoyish etdi. So‘ngra “Yosh farmatsevtlar” jamoasining “Ona qadri” mavzusida tashkil etilgan sahna ko‘rinishini mehmonlarga havola etdilar. Yuqorida keltirilgan OTM larning sahna ko‘rinishlaridan so‘ng g‘oliblarga va qatnashchilarga Diplomlar taqdim etildi.

     

     

     

     

     

     

     

     

     

     

Institut matbuot kotibi  N.L.Usmanova