Rentgen apparatlari ishlab chiqarilmoqda

16.03.2019, 15:03 Yangiliklar 2166

Fargʻona shahrida “Listem-Fergana” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston-Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi ish boshladi.
Mamlakatimizda investitsiyalarni jalb etish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlar oʻzining amaliy samaralarini bermoqda. Xususan, bugungi kunda elektrotexnika sanoati ham jadal rivojlanib, yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Listem-Fergana” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonada tibbiyot uchun zarur boʻlgan 8 turdagi rentgen asbob-uskunalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bu nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan elektrotexnika sanoati rivojida tub burilish, desak xato boʻlmaydi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida aholining sifatli tibbiy xizmat imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tibbiyotning zamonaviy diagnostika asbob-uskunalarini oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha alohida topshiriqlar bergan edi. Mazkur qoʻshma korxona ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.
Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan qoʻshma korxona loyihasining umumiy qiymati 5 million dollar boʻlib, yillik quvvati 300-500 dona rentgen apparatlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan. Yangi korxonaning ishga tushirilishi natijasida 35 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Yil yakuniga qadar yana yuzga yaqin ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.
Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida eksportbop mahsulotlarni tayyorlash, eng avvalo ichki bozor talablarini qondirish maqsadida “Listem-Fergana” qoʻshma korxonasi yillik ishlab chiqarish quvvatini kelajakda 900 donaga yetkazish salohiyatiga ega. Mahsulotlar ichki bozor talabini qondirishdan tashqari kelajakda eksportga yoʻnaltiriladi. Korxonada yaratilgan yangi ish oʻrinlarining aksariyatini kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislar band etdi.
–Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida elektrotexnika sanoati sohasida korxonamiz zamonaviy tibbiy rentgen asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi, – deydi qoʻshma korxona direktori Rustamjon Yoʻldoshev. – Mahsulotga hozirdanoq talab yuqori boʻlmoqda. Korxona toʻla quvvat bilan ishlay boshlagach, mahsulotning asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Mazkur mahsulotlar Oʻzbekiston bozori uchun noyob va innovatsion mahsulot hisoblanadi. Bu nafaqat aholini diagnostika qilishda tibbiy yordam sifatini va darajasini oshiradi, balki mamlakatning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari, ishlab chiqarish tarmogʻi ham kengaytiriladi. Kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish orqali tibbiyot muassasalarini arzon hamda sifatli rentgen apparatlari bilan taʼminlash, ish oʻrinlarini koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Xorijning eng zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan korxonada bugun loyihaning keyingi bosqichini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilayapti. Bu import oʻrnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli tibbiyot asbob-uskunalari bilan toʻldirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Qoʻshma korxonaning ochilishida Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev soʻzga chiqdi.

Institut  matbuot  kotibi N.L.Usmanova