Prezidentning yangi qarori qabul qilinadi. U ayollar va bolalarga tibbiy yordam haqida (batafsil)

13.03.2019, 15:39 Yangiliklar 2390

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan ayollar salomatligi, tug‘ilish va sog‘lom avlodni rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlar deb quyidagilar hisoblanadi:

aholi reproduktiv salomatligi, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va ularni xalqaro standartlarga moslashtirish;

sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajalarida ayollar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish;

bola rivojlanishi buzilishlarini erta aniqlash va tuzatish hamda kam vaznli bolalarni parvarish qilish tizimini yaratish;

ayollar, o‘smirlar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish;

bolalar va homilador ayollar uchun ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatadigan tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

rivojlanishida nuqsoni bor nogironligi bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va sog‘lomlashtirish, ularning jamiyatda to‘liq ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

umumiy pediatr shifokori, akusher-ginekolog va doyalarning malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish;

bolalar otolaringologiya va bolalar stomatologiya xizmatini qayta ko‘rib chiqish;

sog‘lom farzandlarni tug‘ilishi va tarbiyalash masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini olib borish istagini shakllantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar hamda bolalarga tibbiy yordam sifati va samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi”ni ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Mazkur ishlab chiqiladigan Dastur loyihasida bolalar va ayollar aholisi uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish hamda qulay va sifatli tibbiy xizmatni ta’minlash maqsadida quyidagilar tashkil etilishi nazarda tutiladi:

a) birlamchi tizimda – tuman (shahar) markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarda bolalar bo‘limi;

b) shifoxona tizimida – tuman (shahar) bolalar shifoxonalarida bemor bolalarga tunu-kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatiladigan navbatchi birligi;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalaridagi bolalar shoshilinch o‘rin-joylarini optimallashtirish hisobidan tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlari;

v) Toshkent shahridagi 2-sonli shahar bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlaridagi jarrohlik bo‘limlari negizida hududlararo bolalar jarrohlik markazlari.

Belgilanishicha, tashkil etiladigan Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining o‘rinlar fondi va shtat birliklari Respublika bolalar kam invaziv va endovizual xirurgiya ilmiy-amaliy markazi, Toshkent shahar 2-sonli bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi va Respublika Perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya bo‘limini optimallashtirish hisobiga tashkil etiladi.

g) Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-sonli klinikasi tug‘ruq kompleksida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar reanimatsiya va intensiv terapiyasi;

d) Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi o‘rniga “Aholi reproduktiv salomatligi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot markazi”;

y) Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Bolalar reabilitatsiyasi bo‘limi negizida “Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya va fizioterapiya markazi”;

2021 yil 1 yanvardan Xorazm va Samarqand viloyatlarida surunkali kasalligi va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun hududlararo bolalar tibbiy reabilitatsiya va fizioterapiya markazlari;

2022 yil 1 yanvardan Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida hududlararo bolalar tibbiy reabilitatsiya va fizioterapiya markazlari;

Belgilanishicha, Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya va fizioterapiya markazining o‘rinlar fondi va shtat birliklari Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar bo‘limini optimallashtirish hisobiga tashkil etiladi.

kun.uz

Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova