DXX firibgarlik bilan shugʻullangan shaxslar faoliyatiga chek qoʻydi.

06.03.2019, 18:19 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2469

Bu dunyoda odamlarni bir-biri bilan bogʻlab turuvchi ishonch degan muqaddas tuygʻu bor. Oʻzaro ishonch tufayli yaxshi-yomon kunlarda inson insonga doʻst va hamdard boʻladi. Biroq ishongan oʻsha odam firibgar boʻlsa-chi? Javob oddiy: odamning qoʻyni puch yongʻoqqa toʻladi.
Firibgarlik harakatlari uchun muqaddam sudlangan Jonibek Azimov va Nurali Xudoyberdiyevning oxirgi ovi baroridan kelmadi. Ular Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxslar oʻzlarini goʻyoki Davlat xavfsizlik xizmati idoralarida ishlayman deya tanishtirib, sodda odamlarning ishonchiga kirib, ularning farzandlarini oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kiritish, muddatli harbiy xizmatga yuborish va huquq-tartibot idoralariga ishga joylashtirishni vaʼda qilib, ulardan pul talab qilib kelishgan.
Lekin tekin non ilinjida yashagan bu kimsalarning keyingi firibi ish bermadi. Bu gal ular yana bir fuqaroni ichki ishlar organlariga ishga kiritish evaziga 2 mln. 200 ming soʻmni Termiz shahrida olayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlandi. Maʼlum boʻlishicha, J.Azimov va N.Xudoyberdiyev ushbu shaxsni ishga joylash bahonasi bilan muqaddam undan 3900 AQSH dollari ham olishgan.
Bundan tashqari, yana bir fuqaroni “Milliy gvardiya”ga ishga kiritishni vaʼda qilib, undan 3300 AQSH dollari miqdorida pul olishgan.
Shuningdek, boshqa bir fuqaroning farzandini DXX Chegara qoʻshinlariga harbiy xizmatga kiritishni vaʼda qilib, undan 3 ming AQSH dollari va 6 mln. 600 ming soʻm olishgan.
Tergovoldi surishtiruv ishlari davomida Nurali Xudoyberdiyevning yashash joyi koʻzdan kechirilganda soxta hujjatlar, blankalar hamda harbiy kiyim topildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova