Ta’lim muassasalarida yuksak yutuqlarga erishgan bitiruvchilar mablag‘lari hisobidan maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.

04.03.2019, 15:56 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2233

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobiga shakllantiriladigan bitiruvchilar jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari ta’lim muassasalarining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida ochilgan alohida byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida (g‘azna ijrosi bilan qamrab olinmagan muassasalarda ularning maxsus hisob raqamlarida) jamlanadi va belgilangan maqsadlarga sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

ta’lim muassasalarini bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor bitiruvchilarning homiylik xayriya mablag‘lari;

xayriya beruvchilar mablag‘lari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarining xayr-ehsonlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:

iqtidorli, bilimli o‘quvchi va talabalarning o‘z bilimlarini yanada mustahkamlashlari uchun zarur bo‘ladigan o‘quv va ilmiy adabiyotlar hamda jihozlar xarid qilish;

a’lochi o‘quvchi va talabalarning o‘z ustida ishlashlari va bilimlarini muntazam rivojlantirishga intilishlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

o‘quvchi va talabalarning tumanlar, viloyatlar, respublika va xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan (bilimlar sohasi, sport, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa tadbirlar) turli musobaqalarda faol ishtirokini ta’minlash;

kam ta’minlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi o‘quvchi va talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;

professor-o‘qituvchilar va xodimlar mehnatini rag‘batlantirish;

ijtimoiy faol va ta’lim muassasasida ko‘p yillar mobaynida mehnat qilgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish;

ta’lim muassasalari moddiy texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan bino va inshootlarni ta’mirlash, zarur zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya uskunalari, mebellar, inventarlar hamda axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlash va boshqa tovar-moddiy boyliklarni xarid qilish;

faol o‘quvchi va talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika tanlovlari g‘oliblarini va ularning ustoz va murabbiylarini taqdirlash va rag‘batlantirish;

bitiruvchilar va ta’lim muassasalari o‘rtasida amaliy va foydali aloqalar o‘rnatilishini ta’minlash uchun sarflanadigan boshqa xarajatlar.

Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash ta’lim muassasalari rahbarlari raislik qiluvchi Jamg‘armani boshqarish kengashlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Kuzatuv kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.

Kengash tarkibi ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Kengash tarkibiga ta’lim muassasalarining rahbar va mas’ul xodimlari, o‘quvchi va talabalar, Yoshlar ittifoqi vakillari hamda mazkur ta’lim muassasalarini bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor bitiruvchilar kiritiladi.

Kengash majlisi a’zolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.

Qaror qabul qilishda ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda Kengash raisi tomonidan hal qiluvchi qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi hamda ta’lim muassasalarining bayonnoma asosida qabul qilingan buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

Kengash majlisi har chorakda kamida bir marotaba, zarurat bo‘lganda navbatdan tashqari chaqiriladi.

Kengash:

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

Har chorak yakuni va hisobot yili yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘larining daromadlari tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liqboshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Jamg‘arma faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va unga ta’lim muassasalarini bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan bitiruvchilarning homiylik mablag‘larini jalb etish ta’lim muassasasi nomidan amalga oshiriladi.

Kun.uz         https://kun.uz/13437494

 

Institut  matbuot kotibi        N.L.Usmanova