Turkiyaning Istanbul shahrida 12-14 fevral kunlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish mavzusiga bag‘ishlangan oliy darajadagi vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

16.02.2019, 10:36 Xalqaro yangiliklar, Yangiliklar 2006

O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol qatnashayotgan mazkur yig‘ilishda ko‘plab dolzarb masalalar muhokama etildi. Unda sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlarning tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, bu borada nazorat tuzilmasi, monitoring va baholash mexanizmini yaratish, o‘zaro tajriba almashish va muloqotlarni ko‘paytirish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va hamkorlarni qo‘llab-quvvatlashga chorlaydigan ustuvor yo‘nalishlar va innovatsion yondashuvlarni aniqlash, eng muhimi, mintaqa uchun belgilab olingan tadbirlar ijrosini to‘liq ta’minlashda barcha davlatlarning jiddiy e’tibor qaratishi juda muhim ekanligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekistonRespublikasisog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Gruziya, Armaniston va Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirlari bilan uchrashdi. Muloqotlarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.Shu o‘rinda A.Shodmonovning Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvini alohida ta’kidlash joiz. Unda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

Uchrashuvda Alisher Shodmonov har ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan barcha sohada, jumladan, tibbiyot sohasidagi hamkorlik jadallik bilan rivojlanib borayotgani, shuningdek, O‘zbekistonda investitsiyaviy muhit yaxshilanib, investorlarga qulay sharoitlar yaratib berilayotganini alohida qayd etdi.Muloqot jarayonida Toshkentda o‘zbek-turk tibbiyot forumini o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, hamkorlik doirasida nafaqat Toshkentda balki, viloyatlarda ham zamonaviy tibbiyot klinikalarini tashkil etish,mutaxassislarning o‘zaro malaka oshirishi, O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar ham muhokama etildi.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati​