O‘zbekistonda xalq tabobatini tartibga solish bo‘yicha 2019 yilda qanday ishlar amalga oshiriladi?

19.01.2019, 14:35 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2084

“BIR SAVOLGA BIR JAVOB”

“Bir savolga bir javob” loyihasining avvalgi mehmoni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Namangan viloyatida ishsizlik ko‘rsatkichi ancha yuqori. Bu borada viloyatda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?”, degan savolga javob bergan edi.

Mazkur loyihada mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbar xodimlari, viloyat hokimlarining O‘zA savoliga javoblari berib boriladi.

Loyihaning bu galgi mehmoni:

Bahodir Yusupaliev,

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari

– Prezidentimizning 2018 yil 12 oktabrdagi qarori bilan xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etildi. Bu jarayonda 2019 yilda qanday chora-tadbirlar ko‘riladi?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2018 yilda bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, vazirlik huzurida xalq tabobati usullarini qo‘llovchilar tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha Maxsus komissiya tarkibi tasdiqlandi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirish borasida Xalq tabobati faoliyatini tartibga solish bo‘yicha malakali tabiblar, professor shifokorlar, xalq tabobati sohasida izlanish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, huquqshunoslar va boshqa kasb egalaridan iborat bo‘lgan Kengash tashkil etildi.

Shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiy-pedagogika ishi” bakavlavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv sikli joriy etildi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati“ yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kursi tashkil qilindi, davlat o‘quv standartlari asosida xalq tabobati bo‘yicha o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan tibbiy faoliyat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan binolarning sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigienik normativlari tasdiqlandi. Bu jarayonda foydalaniladigan asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, shu jumladan, tibbiy texnikaga eng kam talablar ishlab chiqildi. Xalq tabobati usullari bilan tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kiritildi.

Xalq tabobati vositalarini reklama qilish, shuningdek, xalq tabobati usullarini qo‘llash bo‘yicha faoliyatni huquqiy tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish to‘g‘risida taklif tayyorlandi.

Bu boradagi ishlar 2019 yilda ham jadal davom etadi. Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2014-2023 yillarda xalq tabobati sohasi strategiyasida nazarda tutilgan, ushbu tashkilotning tavsiyalari asosida, shuningdek, ushbu yo‘nalishda Xitoy, Koreya, Xindiston, Rossiya kabi rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida tayyorlangan va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Toshkent shahrida chet el ekspertlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini huquqiy tartibga solish va rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazish, xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan kasalliklarni davolash uchun tavsiya qilinadigan (ishlatiladigan), aniq nomdagi o‘simliklar, ularni parvarish qilish va o‘stirish joyi, o‘simliklardan foydalanish va boshqa zarur ma’lumotlarni o‘zida jamlagan milliy o‘simlik turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini tashkil etish, xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan kasalliklarni davolash uchun tavsiya qilinadigan tabiiy va dorivor o‘simlik vositalari, xalq tabobati vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yaratish, shuningdek, uni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining veb-saytida joylashtirish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Loyihaning navbatdagi mehmoni – Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov “2018 yili viloyatda paxta, g‘alla hosildorligi ancha past bo‘ldi. Meva-sabzavot yetishtirish va eksporti bo‘yicha ham mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. 2019 yilda kamchiliklarga barham berish uchun nimalar qilinadi?”, savoliga javob beradi.

Institut matbuot kotibi  N.L.Usmanova