Har bir davlatga har doim malakali kadrlar kerak.

04.01.2019, 15:10 Institut yangiliklari, Yangiliklar 1986

Har doim har bir mamlakat uchun mutaxassislar tayyorlash, yetuk kadrlarni voyaga yetkazish muhim vazifalardan biri sifatida qaralgan. Shu bois ham oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratish, pedagog kadrlarga e’tibor berish, mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirishimiz muhim. Buni davlatimiz rahbari alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi o‘tgan davrda 9-10 foiz edi. So‘nggi ikki yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli bu ko‘rsatkich 15 foizdan oshdi. Lekin dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun 2019 yilda mamlakatimizda bu raqamni 20 foizga yetkazish, kelgusi yillarda bu boradagi ishlarni yanada izchil oshirish muhim vazifadir.

Prezidentimiz mamlakatimizdagi birorta universitet dunyo tan olgan oliy o‘quv yurtlari qatoriga kirmaganini afsus bilan aytdi. Bu sohada ishlaydigan biz, mutaxassislar uchun bu juda qattiq ogohlantirish deb hisoblayman. Shu gapning o‘zi qiladigan ishimiz, dasturlarimiz, amaliy ishlarimizni o‘zgartirishimiz kerakligini ko‘rsatyapti.

Oliy o‘quv yurtlari nufuzini yanada oshirish, nodavlat ta’lim maskanlari sonini ko‘paytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirishdan endilikda eng asosiy vazifamizdir.

Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berish tashabbusining amaliyotga tatbiq etilishi, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Oliy ta’lim muassasalariga, real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish belgilandi. Ta’lim berish va ilmiy faoliyatni amalga oshirishda universitet va institutlarimizning mustaqilligini kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Jamiyatimizda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘ladi. Bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatlari yanada kengaytirish choralari ko‘riladi. Yoshlarimiz jahonning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirib, yetuk kadr bo‘lib, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Kelgusi yilda ham oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish ham e’tiborimizda bo‘ladi.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova