Xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

14.12.2018, 16:43 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2274

Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Qarshi filiallari loyihasi bilan tanishib, bu filiallarning tashkil etilishidan maqsad aholiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish, ularning sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish ekanini alohida ta’kidlagan edi.

Qisqa vaqt oralig‘ida mazkur loyihalar asosida jadal qurilish ishlari bajarildi, ilgari foydalanilmay turgan hududda tutash joylashgan markaz filiallari atrofi obodonlashtirildi. Bu yerga kiraverishingiz bilan hovlidagi chiroyli o‘rindiqlar, tungi chiroqlar, gullar, maysazor va archalar bilan go‘zallashgan landshaft manzarasi qalbingizga ajib sokinlik bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurib, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, tibbiy asbob-uskunalar, malakali kadrlar ta’minoti, zamonaviy davolash usullari bilan tanishdi.

Hozircha respublikamizda mavjud imkoniyatlari bilan yagona hisoblangan mazkur ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hudud aholisining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etildi. Bugungi kunda viloyatda 68 mingga yaqin bemor yurak-qon tomir kasalliklari tashxisi bilan dispanser nazoratida turadi. Jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar soni esa 4 mingdan ziyodni tashkil etadi. Shu kunga qadar bu bemorlar Toshkentga yoki chet ellarga borib davolanishga majbur edi. Bu, albatta, millionlab so‘m mablag‘ talab qiladi. Xorijda davolanish narxining qimmatligi haqida esa gapirishning o‘zi ortiqcha.

Mazkur markaz filialining Qarshi shahrida ochilishi nafaqat, qashqadaryoliklar, balki boshqa viloyatlar va qo‘shni respublikalar aholisi uchun ham beminnat xizmat qiladi.

120 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi bo‘limlar, kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz yurak-qon tomir kasalliklariga tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu asbob-uskunalardan samarali va to‘g‘ri foydalanish nihoyatda muhimdir. Buning uchun zamonaviy tibbiyot ilmini chuqur o‘zlashtirgan, tajribali va o‘z kasbining fidoyi mutaxassislari zarur.

Markazga yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda ilg‘or tajribaga ega, Rossiya, Germaniya kabi davlatlarda tahsil olgan, malakasini oshirgan shifokorlar jalb qilingan. Ular o‘z tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham o‘rgatadi.

Markazda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stenlash, ballonli valvuloplastika, bo‘lmachalararo va qorinchalararo to‘siq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tug‘ma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

Viloyatning 33 mingdan ziyod aholisiga endokrinologik kasalliklar tashxisi qo‘yilgan. Ular orasida yuzlab bolalar bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda 3,5 mingdan ziyod endokrinologik kasalliklarga chalingan qashqadaryolik bemor Toshkentda davolangan. Gap shundaki, shu kungacha hududda endokrinologiya xizmatini ko‘rsatadigan bosh muassasa – viloyat endokrinologiya dispanseri bo‘lib, u 1980 yilda tashkil etilgan, ishlash tizimi hamon eskicha edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan 150 o‘rinli yangi markaz ana shu bemorlar ehtiyojini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va bolalar, qalqonsimon bez kasalliklari va endokrin jarrohlik, diabetik to‘piq jarrohligi, laboratoriya-diagnostika kabi bo‘limlarni, 50 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikani o‘z ichiga olgan markazda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Markazni malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ikki nafar shifokor xorijda malaka oshirib qaytdi. Ular tajribasini ommalashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda amalga oshirilgan asosiy yangiliklardan biri – Diabet maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani. Mazkur maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga o‘z-o‘zini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yo‘llari, bolalarga esa non birligiga asosan to‘g‘ri ovqatlanish tartibi o‘rgatiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mazkur tibbiyot muassasalari bilan tanishib, bu yerga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

– Qarshi shahridagi kardiologiya va endokrinologiya markazlari boshqa viloyatlarga namuna bo‘lishi kerak. Buning uchun, avvalo, aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur. Asosiy maqsadimizdan biri – xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish. Buning uchun biz barcha imkoniyatimizni safarbar etamiz. Toki bu islohotlarimiz samarasini xalqimiz bugun, kundalik hayotida sezsin, – dedi davlatimiz rahbari.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Institut matbuot kotibi    N.L.Usmanova