O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

09.12.2018, 20:47 Yangiliklar 2279

Ўзбекистон Республикаси Соғлиқни сақлаш вазирлиги фаолиятини ташкил этиш чора-тадбирлари тўғрисида

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5590-son Farmoniga muvofiq:

1.Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) va uning hududiy organlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda, Vazirlikning organlari va tashkilotlari rahbarlarining roli va mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

demografik o‘zgarishlar va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish istiqbollarini prognozlash, aholining salomatligi va kasallanishi holatini kompleks tahlil qilish;

jamoat sog‘lig‘ini saqlash ustuvorligini, kasalliklarni profilaktika qilish va oldini olish, patronaj xizmati va fuqarolarni uyma-uy yurib ko‘rib chiqish, aholini sog‘lom turmush tarzini kechirishga undash, ularning tibbiy savodxonligini oshirish, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘i va atrofidagilar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga mas’uliyat ruhida tarbiyalashni ta’minlash;

sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalash, hayot sifati va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholining sog‘lig‘ini saqlash va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;

ham tibbiy yordamni xizmat ko‘rsatilayotgan aholiga yaqinlashtirish, ham axborot texnologiyalarini (teletibbiyot), meditsina standartlarini, protokollar va tavsiyalarni keng miqyosda joriy etish hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning tajribasini mintaqaviy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlariga berish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitar, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifati, ommabopligi va tezkorligini oshirish;

dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llashga ruxsat etilgan asbob-uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish;

yolg‘iz qariyalar, pensionerlar, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy himoya qilinishini takomillashtirish, ularni davolashni, tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish, profilaktik tadbirlarni kengaytirish, davolanishning zamonaviy uslublarini qamrab olish va qo‘llash yo‘li bilan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish;

tibbiy ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim va sog‘liqni saqlash mutaxassislarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ustidan uslubiy rahbarlikni ta’minlash orqali tibbiy kadrlar tayyorlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini uyg‘unlashtirish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlashtirish, ilmiy tibbiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, sog‘liqni saqlash amaliyotiga fan, texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani joriy etish;

sog‘liqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilishni va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini ta’minlaydigan, zamonaviy, xalqaro amaliyotda sinalgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish usullarini joriy qilish.

2.Sog‘liqni saqlashda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirishni ta’minlash maqsadida belgilansinki:

a) O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri quyidagilarga shaxsan mas’uldir:

fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasida rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish, kasalliklarni profilaktika, diagnostika
qilish va davolash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni, standartlarni va normativlarni, shuningdek, boshqa tadbirlarni ishlab chiqish va tatbiq etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va aholining tibbiy madaniyatini oshirish;

tibbiy tashkilotlar menejmenti ko‘nikmasiga va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, har tomonlama rivojlangan mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan boshqaruv kadrlarini tayyorlash, tanlab olish va joy-joyiga qo‘yishning mutlaqo yangi tizimini yaratish;

Vazirlik va hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlarining ishini samarali tashkil etish, tibbiyot tashkilotlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, ularning faoliyati ochiqligini va aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri manzilli muloqot o‘rnatishini ta’minlash, fuqarolarning tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatidan qanoatlanganligini monitoring qilish va baholash tizimini tatbiq etish;

tibbiy ta’lim va tibbiyot fanini rivojlantirish, innovatsiya va “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini tatbiq etish, majburiy tibbiy sug‘urta dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, tibbiy turizm va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;

aholi va tibbiyot tashkilotlari ehtiyojlarini to‘liq qoplash maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini shakllantirish va o‘z vaqtida yangilash;

b) hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari rahbarlari quyidagilarga shaxsan mas’uldir:

tibbiy va tibbiy-ijtimoiy tashkilotlarning hududiy tarmoqlari faoliyatini samarali tashkil etish, birlamchi tibbiy-sanitariya, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordamning sifati va ommabopligi, idoraviy bo‘ysunuvidagi hududda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi ta’minlanishini nazorat qilish;

sog‘liqni saqlash sohasida rivojlanish hududiy dasturlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, tibbiyot tashkilotlarini va aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash, tibbiy va maxsus texnikaning samarali ishlashi va o‘z vaqtida yangilanishi;

tibbiy yordamni bosqichma-bosqich va izchillik prinsipi asosida ularning oqimlarini oqilona va asosli marshrutlash yo‘li bilan bemorlarni turli darajadagi (turdagi) tibbiyot tashkilotlariga yo‘naltirishning xolis tizimini tashkil etish;

sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolar huquqiga rioya qilish nazoratini ta’minlash, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga sifat menejmenti tizimini tatbiq etish;

sog‘liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha zarur tadbirlarni amalga oshirish;

v) tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari quyidagilarga shaxsan mas’uldir:

oila salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasalliklar profilaktikasi, dispanserizatsiya, patronaj va uyma-uy yurish bo‘yicha tadbirlarni samarali amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga mas’ulligini oshirish;

tibbiy xizmat izchilligini va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tuman (shahar) ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari bilan yaqindan o‘zaro aloqasini ta’minlash;

davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, pullik tibbiy xizmatni amalga oshirish, sog‘liqni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun o‘z manbalarini shakllantirish;

sog‘liqni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasida tadbirlarning manzilliligi va natijadorligini oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilish;

tasarrufidagi tashkilotlardagi bino va inshootlar, uskunalar, tibbiy texnika va boshqa moddiy qiymatliklarni saqlash va ulardan samarali foydalanish.

3.Vazirlikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish bo‘limlarini;

“O‘zmedinfo” elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazini tugatish;

b) Vazirlik tuzilmasida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda – Bosh boshqarma) va uning hududiy bo‘limlarini hamda davlat unitar korxonasi shaklida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish.

4.Belgilansinki:

a) Bosh boshqarma boshlig‘i va Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘limlari xodimlari boshqarma boshlig‘ining taqdimnomalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Bosh boshqarmaning hududiy bo‘limlari o‘z faoliyatida Bosh boshqarma boshlig‘iga bo‘ysunadi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlari tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi;

Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘limlarini moliyaviy ta’minlash Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

b) quyidagilar mazkur qarorning 3-bandiga muvofiq tugatilayotgan tashkilotlarning huquqiy vorislari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi – Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazi hamda “O‘zmedinfo” elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazi huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining tegishlicha xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish bo‘limlari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha.

5.Vazirlik ikki oy muddatda yangi tashkil etilayotgan bo‘linmalarni nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega, topshirilgan vazifalarni professional darajada ta’minlaydigan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin.

6.Quyidagilar:

a) Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari etib:

vazirlik va uning hududiy organlari tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini tashkil etish va amalga oshirish;

tibbiyot tashkilotlarining mol-mulkini, shu jumladan, er uchastkalarini muomalaga kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalarni jalb etish;

mahalliy tibbiyot tashkilotlarining tibbiy turizm salohiyatini tubdan oshirishga yo‘naltirilgan kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

vazirlikning boshqa tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni tayyorlash va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish, xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, tibbiyot tashkilotlarining sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishda xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarining kreditlari va grantlarini jalb etish;

davlat tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish va amalga oshirish, ularning nomenklaturasi va hajmlarini kengaytirish.

b) Markazning asosiy vazifalari etib:

axborot tizimlari, resurslar va sog‘liqni saqlash milliy ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va kuzatib borish bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish;

korporativ tarmoqlarni yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, Vazirlikning axborot xavfsizligini ta’minlash;

Vazirlikning axborot xavfsizligi tahdidlarini o‘z vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishini nazorat qilish va monitoringini olib borish, axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini muhofaza qilish bo‘yicha texnik infratuzilmani tatbiq etish va rivojlantirish;

“elektron sog‘liqni saqlash” normativ va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish, integratsiyalashgan axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish;

tibbiyot tashkilotlarida axborot tizimlari, ilg‘or axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqish va kuzatib borishga ko‘maklashish;

vazirlikning axborot tizimlari, resurs va ma’lumotlar bazasini rivojlantirish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;

vazirlik xodimlarining axborot tizimlari, resurslar va ma’lumotlar bazasidan foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilansin.

7.Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari xodimlarining cheklangan soni 518 nafar, shu jumladan, Vazirlikning markaziy apparati xodimlarining soni 127 nafar etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati va uning hududiy organlari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.

8.Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlari, shuningdek, hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari bosh shifokorlari, hududiy tibbiy diagnostika markazlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.

9.Vazirlikning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari bo‘yicha jahon amaliyotida qo‘llaniladigan vositalardan foydalangan holda sog‘liqni saqlash hisoblarining milliy tiziminitatbiq etish bo‘yicha taklifiga rozilik berilsin.

Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar muddatda sog‘liqni saqlash hisoblarining milliy tizimini institutlashtirish va tibbiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgan xizmatlar va xarajatlar haqidagi ma’lumotlarni idoralararo to‘plash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan 2019-yil davomida “Salomatlik – 3” loyihasi mablag‘lari hisobidan uy-joy xo‘jaligi doirasida aholining tibbiy xarajatlari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazsin.

10.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.A.Abduhakimov) uch oy muddatda tibbiy yordam va tibbiy-ijtimoiy xizmat sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimida, shu jumladan, alohida davlat organini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqqan holda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

11.O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlansin.

12.O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Vazirlikning Toshkent shahar, A.Navoiy ko‘chasi, 12-uyda joylashgan binosini rekonstruksiya qilishni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yildagi rivojlantirish Davlat dasturiga kiritsin.

Toshkent shahar hokimligi Vazirlik xodimlarini uning binosi rekonstruksiya qilinishi davrida vaqtincha joylashtirish uchun bino ajratilishi bo‘yicha choralar ko‘rsin.

13.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-iyundagi “Sog‘liqni saqlash organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3052-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

14.Vazirlik Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.SH.Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 7-dekabr

Manba:Uza.uz