Askarlar O‘zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshiradi.

28.11.2018, 23:14 Institut yangiliklari, Yangiliklar 2243

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatimizning shonli tarixini, ona zaminimizda yashab o‘tgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qo‘mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan g‘ururlanishi kerakligini ta’kidladi.

– Mana, Amir Temur bobomiz bilan hammamiz faxrlanamiz. Lekin, xolisona aytaylik, ulug‘ Sohibqironning “Tuzuklar”ini qancha askar o‘qigan, – deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev. – Yoki buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va harbiy mahorati haqida hamma ham etarli bilimga egami? Vaholanki, bu ajdodlarimizning g‘alabalari, strategiya va taktikalarini dunyodagi ko‘plab harbiy maktab va akademiyalarda bugun ham o‘rganishadi.

Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qilishdan oldin albatta O‘zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari” fanidan sinov topshirishi kerakligini ta’kidladi. Ilg‘or harbiy qismlarga ulug‘ sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar, kinolar yaratishga ko‘rsatma berdi.

Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini ishonchli ta’minlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan harbiy ta’lim masalasiga birinchi darajali e’tibor qaratish, maktablardagi harbiy darslarga shu hududda xizmat qilayotgan, yuksak insoniy va kasbiy xususiyatlarga ega jangovar ofitserlarni jalb etish, o‘quvchilarni harbiy qismlarga olib borib, xizmat jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova